“Tolibon” Turkiyaning Qobul aeroporti bo‘yicha bayonotini rad etdi 

Olam

image

Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olgan “Tolibon” harakati Qobul aeroporti va mamlakatning yana to‘rtta aeroportini doimiy asosda ishlatish bo‘yicha Turkiya va Qatar vakillari bilan muzokaralarni davom ettirmoqda. Bu haqda toliblar tomonidan tayinlangan Afg‘oniston muvaqqat hukumatidagi Transport va fuqaro aviatsiyasi vazirligi Matbuot kotibi Imomuddin Ahmadiy ma’lum qildi va shu orqali tomonlar o‘rtasida kelishuvga erishilgani haqida avval tarqalgan ma’lumotni rad etdi. 

“Turk-qatar texnik guruhi payshanba kuni Qobulga yetib keldi va Afg‘oniston Islom Amirligining texnik mutaxassislari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Ushbu maslahatlashuvlar davom etadi va yaqin kelajakda mamlakatimizning milliy manfaatlarini hisobga olgan holda kelishuvga erishiladi”, degan harakat vakili. 

Joriy yilning 24 dekabr kuni “Anadolu” agentligi Turkiya va Qatar Afg‘onistondagi beshta aeroport, jumladan Qobul aeroportini boshqarish bo‘yicha “Tolibon” rasmiylari bilan prinsipial kelishuvga erishganini xabar qildi. 

Afg‘oniston poytaxtidagi havo yo‘lagi va aeroport terminallari asosan G‘arb fuqarolari va ular bilan hamkorlik qilgan afg‘onlarni evakuatsiya qilish chog‘ida hukm surgan tartibsizlik, shuningdek 26 avgust kuni ro‘y bergan terakt tufayli jiddiy shikastlangan. Avgust oyi oxiridan boshlab Qatar va Turkiyadan kelgan texnik xodimlar aeroportni ishga tushirishga yordam berdi. Shu bilan birga, noyabr oyi oxirida BAA “Tolibon” bilan, xususan, Qatarning Afg‘onistondagi diplomatik ta’sirini kamaytirish maqsadida Qobul aeroportini boshqarish huquqini olish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani haqida xabar tarqaldi. 

Afg‘onistonda hozirda 24 ta aeroport faoliyat ko‘rsatmoqda. Qobul, Balx, Hirot, Qandahor va Xost viloyatlaridagi aeroportlar xalqaro reyslar uchun ham foydalaniladi, qolganlari faqat ichki reyslar uchun mo‘ljallangan.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston aeroport

Baholaganlar

141

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing