“Tolibon” shart qo‘ydi. Tashkilot Afg‘oniston bo‘yicha tinchlik jarayonlaridan bosh tortmoqda

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Xalqaro kuchlar mamlakatni tark etmaguniga qadar “Tolibon” Afg‘oniston bo‘yicha biron bir konferensiyada ishtirok etmaydi. Bu haqda Qatardagi “Tolibon” siyosiy byurosining Matbuot kotibi Muhammad Naim Vardak ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida yozdi. 

Uning ta’kidlashicha, Tolibon qarorlarni maslahatlashuvlar asosida qabul qiladi. 

Joriy yilning 24 aprelidan 4 maygacha Turkiyaning Istanbul shahrida Afg‘onistondagi tinchlik jarayoni bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan edi. Ushbu tadbir Turkiya, Qatar va BMT tomonidan Afg‘oniston hukumati vakillari va “Tolibon” harakati delegatsiyasi ishtirokida tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. 

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi konferensiya tashkilotchilari Afg‘onistonning suvereniteti, mustaqilligi va birligini qo‘llab-quvvatlash zarurati to‘g‘risida pozitsiyani birlashtirganini ta’kidladi. 

“The Washington Post” gazetasiga ko‘ra, Prezident Jo Bayden Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqib ketishga va nihoyat AQSHning Afg‘onistondagi urushini tugatishga qaror qilgan. Tez orada Amerika qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqish bo‘yicha o‘z qarorini e’lon qilish kutilmoqda. 

“Qo‘shma Shtatlar 1 mayga qadar Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqish jarayonini boshlaydi. Amerika qo‘shinlarini ushbu mamlakatdan to‘liq olib chiqib ketish 11 sentabrgacha rejalashtirilgan”, degan Vashingtondagi manba.

AQSH ortidan Buyuk Britaniya Hukumati ham deyarli barcha harbiylarini Afg‘oniston hududidan olib chiqishni rejalashtirmoqda.

Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Afg‘onistonda Britaniyaning 750 nafar askari bor. 

Nashr manbasining ta’kidlashicha, inglizlar u yerda amerikalik harbiylarning yordamisiz qiynalib qoladi. 

Ma’lumot uchun, 2020 yil fevral oyi oxirida AQSH va “Tolibon” tinchlik shartnomasini imzoladi. Kelishuvlarga ko‘ra, Amerika qo‘shinlari shartnoma tuzilganidan 14 oy o‘tgach, aniqrog‘i 2021 yilning mayigacha Afg‘onistonni tark etishi kerak edi. 

Biroq, joriy yil yanvar oyida AQSHning yangi Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati “Tolibon” bilan tuzilgan shartnomani qayta ko‘rib chiqish niyatida ekanini e’lon qildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov joriy yilning 10 aprel kuni Qatar poytaxti Dohada “Tolibon” harakati siyosiy vakolatxonasi rahbari mulla Barodar Axund bilan uchrashdi. Unda Afg‘onistonda barqaror va uzoq muddatli tinchlik o‘rnatish maqsadida tinch siyosiy jarayonni ilgari surish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tinchlik jarayoni

Baholaganlar

197

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing