“Tolibon” Afg‘oniston Hukumati bilan tinchlik shartnomasi tuzishni rejalashtirmoqda 

Olam

image

“Tolibon” harakati rahbarlari bir oy ichida rasmiy Afg‘oniston hukumati bilan tinchlik shartnomasi tuzishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Reuters” xabar bergan.  

Agentlikning ta’kidlashicha, yuzlab afg‘on xavfsizlik kuchlari AQSH Afg‘onistondagi asosiy bazasi Bagramni tark etgandan keyin boshlangan “Tolibon” hujumi bilan bog‘liq holda qo‘shni Tojikistonga qochib ketgan. 

“Biz (“Tolibon” — tahr.) jang maydonida imtiyozga ega bo‘lsak-da, muzokaralar va muloqotlarga jiddiy yondoshamiz”, degan “Tolibon”ning rasmiy vakili Zabihulla Mujohid. 

Afg‘oniston hukumati bilan tinchlik bitimini imzolash rejalari bo‘yicha “Tolibon”ning pozitsiyasini sharhlar ekan, AQSH Davlat departamenti vakili Afg‘onistondagi 40 yillik urushni to‘xtatishning yagona yo‘li muzokaralar bilan hal qilish yo‘li ekanligini aytgan. 

“Biz tomonlarni Afg‘oniston kelajagi uchun adolatli va uzoq muddatli kelishuvga olib keladigan siyosiy yo‘l xaritasini aniqlash uchun jiddiy muzokaralar olib borishga chaqiramiz”, degan Davlat departamenti vakili. 

Avvalroq, AQSH harbiylari Afg‘onistondagi yirik aviabazani ogohlantirishsiz tark etgani haqida xabar bergandik.

Faollashgan "Tolibon"

Joriy yilning 1 may kuni AQSH o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishni boshlagandan beri “Tolibon” keskin harakat qilmoqda. Amerika va NATO kuchlari Afg‘onistondan ketishni boshlaganidan beri 50 dan ortiq tumanni o‘z nazorati ostiga olgan.

Natijada Tahor viloyatining Chaheb, Yangi Kal’a, Darkad, Dashti Qal’a, Xojag‘or tumanlari, Qunduz viloyatining Dashti Archi, Imom Sohib va Qal’ai Zol tumanlari, shuningdek Sherxon-Bandar va Kokul nazorat punktlari “Tolibon” nazorati ostiga o‘tdi. 

So‘nggi kunlarda toliblar bilan janglarda og‘ir zarbaga uchragan afg‘on qo‘shinlarining qo‘shni respublikalar hududiga qochib o‘tish holatlari kuzatildi. Jumladan, joriy yilning 22 iyun kuni 130 dan ortiq afg‘on harbiylari chegaradosh Tojikistonga, 23 iyun kuni esa ularning 53 nafari O‘zbekistonga qochib o‘tgan.

Kecha, 5 iyul kuni ham 1000 dan ortiq Afg‘oniston harbiylari “Tolibon” jangarilarining hujumi sabab qo‘shni Tojikistonga qochib o‘tdi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tolibon

Baholaganlar

137

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing