“Tolibon” Panjsherning 3 tumanini qo‘ldan boy berdi – OAV
Olam
−
11 Sentabr 2021
17936Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olgan “Tolibon” harakatiga bo‘ysunmagan Panjsher viloyatidagi Milliy qarshilik fronti otryadlari mintaqadagi uchta hududni qaytarib oldi. Bu haqda “Afghanistan Times” nashri xabar berdi.
Nashr manbalariga ko‘ra, qarshilik kuchlari Panjsherning shimoliy va shimoli-sharqiy qismidagi Dara, Abshar va Paryan tumanlarini qaytrib olgan. Janglarda o‘nlab toliblar yo‘q qilingan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 sentyabr kuni “Tolibon” harakati Afg‘onistonda ularga bo‘ysunmay turgan yagona viloyat – Panjsherni egallaganini e’lon qildi. Shu tariq mamlakatda urush tugagani ma’lum qilindi. Biroq milliy front bu xabarlarni rad etdi. Ular viloyatning katta hududi hamon o‘z nazoratida ekanini e’lon qildi.
Biroz o‘tib, OAVda toliblar Afg‘onistonning Panjsher viloyatidan minglab odamlarni chiqarib yuborgani va u yerda etnik tozalash ishlarini olib borayotgani haqida xabar tarqalgandi.
Afg‘onistondagi vaziyat
AQSHning Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy operatsiyasi Prezident Jo Bayden davriga kelib yakunlandi. AQSH qo‘shinlari joriy yilning 31 avgust kuni mamlakatni tark etdi. Bunga qadar Yevropaning boshqa davlatlari, jumladan Britaniya va Germaniya ham mamlakatni tark etdi. Ushbu jarayon yakunlanmasidan “Tolibon” harakati poytaxt Qobulni egallab, joriy yilning 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatdi. 19 avgust kuniga kelib toliblar Afg‘oniston Islom Amirligi tuzulganini e’lon qildi.
LiveBarchasi