“Tolibon” oliy rahbari ilk bor omma oldiga chiqdi
Olam
−
31 Oktabr 2021
30503“Tolibon” harakatining oliy rahbari Hibatulla Oxundzoda birinchi marta omma oldiga chiqdi va Afg‘onistonning Qandahor shahridagi madrasada nutq so‘zladi. Bu haqda Fransiyaning AFP agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, xavfsizlik nuqtai nazaradin tadbir foto yoki video tasvirga olinmagan. Oxundzoda nutqida diniy mazmun bor edi. “Tolibon” yetakchisi hech qanday siyosiy bayonot bermagan.
Ma’lumot o‘rnida, Oxundzoda 2016 yilda, o‘zidan oldingi Baxtar Mansur dron hujumida yo‘q qilinganidan so‘ng “Tolibon” yetakchisiga aylangan edi.
“Tolibon” Afg‘oniston hokimiyatini egalladi
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 avgust kuni mamlakatda hokimiyatni egallagan toliblar, 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligini tuzdi. Joriy yilning 6 sentyabr kuni “Tolibon”ga bo‘ysunmay turgan yagona viloyat – Panjsher egallangach, 7 sentyabr kuni harakat rahbarlari muvaqqat hukumatni shakllantirdi.
Qayd etish kerakki, toliblar Afg‘onistonda hokimiyatga kelgach, chet davlatlar hamda xalqaro tashkilotlardan kelayotgan yordam to‘xtab qoldi. Bundan tashqari, minglar afg‘onlar vatanini tark etdi va bu jarayon hali ham davom etmoqda. Toliblarni Afg‘onistonda tarafdorlari ko‘pligiga shubha yo‘q, biroq ular hokimiyatga kelgach ko‘plab qiyinchiliklarga uchramoqda. Ayniqsa, moliyaviy tomondan yo‘qotishlar katta.
Shunday bir davrdan jahon hamjamiyati Afg‘onistonni bee’tibor qoldirmoqchi emas. Bunday xatoga dunyo yetakchilari avval yo‘l qo‘ygan. Buning oqibatlari ayniqsa AQSHning esidan chiqmaydi. Afg‘oniston terrorchi guruhlar uyasiga aylanmasligi uchun jahon yetakchilari “Tolibon” bilan ishlamoqchi, hatto ushbu harakat BMT tomonidan terrorchilik tashkiloti, deb tan olingan bo‘lsa ham.
LiveBarchasi