“Tolibon” Qobul yo‘lidagi muhim shaharni egalladi
Olam
−
12 avgust 2021
8631“Tolibon” strategik muhim G‘azna shahrini egalladi. Bu toliblar qo‘liga o‘tgan o‘ninchi viloyat markazi bo‘ldi. Bu haqda BBC xabar berdi.
G‘azna jangarilarning tayanch nuqtasini poytaxt bilan bog‘lovchi Qobul-Qandahor avtomagistralida joylashgan. G‘aznaning qulashi “Tolibon” oxir-oqibat Qobulning o‘zini egallashga urinishi ehtimolini oshiradi.
G‘azna mahalliy kengashi vakilining BBC’ga ma’lum qilishicha, toliblar shaharning katta qismini egallab olgan. Faqatagina politsiya bazasi Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari tomonidan nazorat qilinyapti.
Kecha Qandahor shahrida ham kuchli janglar bo‘lib o‘tgani xabar qilinmoqda. “Tolibon” shahar qamoqxonasi egallanganini aytmoqda. Hilmend provinsiyasi markazi Lashkargoh shahrida jangarilar politsiya qarorgohini qo‘lga kiritgan.
Hozirda mamlakatdagi 34 ta viloyat markazlarining deyarli uchdan bir qismi “Tolibon” nazoratiga o‘tgan. Nimro‘z, Juzjon, Sari-Pul, Qunduz, Taxor, Samangan, Farax, Bog‘lon va Badaxshon viloyatlari markazini egallagan. Toliblar o‘zi egallagan shaharlarda birinchilardan bo‘lib qamoqxonalardag mahkumlarni ozod qilmoqda.
Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik
Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi.
Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, Italiya, Avstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.
Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.
LiveBarchasi