“Tolibon” qizlar uchun maktablarni rivojlantirish loyihasi asoschisini hibsga oldi

Olam

image

Afg‘onistondagi qizlar uchun maktablarni rivojlantirishga qaratilgan “Pen Path” loyihasi asoschisi Matiulloh Vesa Qobulda “Tolibon” tomonidan hibsga olindi. Bu haqda kecha, 28 mart kuni BMTning Afg‘onistondagi missiyasi Twitter’dagi sahifasida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Vesa 27 mart kuni hibsga olingan. BMT missiyasi “Tolibon”dan faolning qayerdaligini, hibsga olinishining sabablarini ma’lum qilishni so‘ragan. Shuningdek, missiya Vesaning advokatlar bilan uchrashishini va oilasi bilan bog‘lanishini ta’minlashni ham talab qilgan.

Vesaning akasi Samiulloh ham ukasining hibsga olinganini tasdiqlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, jangarilar Matiullohni 27 mart kuni kechqurun namozdan keyin masjid yonida qo‘lga olgan. 

“Matiulloh namozini tugatib, masjiddan chiqib ketganda ikki mashinada bir necha kishi uni to‘xtatdi. Matiulloh ularning guvohnomasini talab qilganda, ular uni kaltaklab, kuch bilan olib ketishdi”, deydi Samiulloh Vesa.

Ta’kidlash joizki, Matiulloh asos solgan “Pen Path” tashkiloti afg‘on qizlari uchun maktablarni rivojlantirish bo‘yicha kampaniya olib borar va qishloqlarda kitob tarqatardi. “Tolibon” 12 yoshdan oshgan qizlarga mayetabda o‘qishini taqiqlaganidan so‘ng, Vesa mahalliy aholini qo‘llab-quvvatlash va loyihasini targ‘ib qilish uchun chekka hududlarga borishni davom ettirgan.

“Qizlar maktablari ochilishigacha soat, daqiqa va soniyalarni sanab yuramiz. 12 yoshdan oshgan qizlar uchun maktablarning yopilishidan yetkazilgan zararni qaytarib ham, inkor etib ham bo‘lmaydi”, deb yozgan u o‘tgan hafta Afg‘onistonda yangi o‘quv yili boshlanganda.

Eslatib o‘tamiz, “Tolibon” hokimiyatga kelganidan beri doimiy ravishda ayollar huquqlarini cheklab keladi. “Tolibon” yetakchilari ma’lum shartlar bajarilsa, qizlar uchun maktab ochishlarini qayta-qayta ta’kidlagan. Xususan, ular o‘quv rejasi qayta ko‘rib chiqilgandan so‘ng Afg‘onistonda qizlar uchun o‘rta maktab va universitetlar ochilishi, bu ish allaqachon maxsus qo‘mita tomonidan boshlab yuborilganini aytgan. Biroq “Tolibon” o‘quv dasturini islom tamoyillari asosida qayta ishlab chiqish uchun mablag‘ va vaqt yetishmasligini ham ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tolibon BMT qizlar maktabi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing