“Tolibon” qizlar uchun maxsus diniy maktab quradi
Olam
−
10 may 2023
5365“Tolibon” Afg‘oniston markazidagi Bomiyon viloyatida ayollar va qizlar uchun diniy maktab qurmoqda. Bu haqda “Hast e Subh Daily” nashi xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Zinbiya” nomi ostidagi mazkur diniy maktab qurilishi “Tolibon”ning Bomiyon viloyati gubernatori Mulla Abdulla Sarhadiy va ba’zi mahalliy amaldorlar tomonidan boshlangan. Shuningdek, bu maktabni qurish uchun xarajatlar ushbu viloyat aholisi yoki "Tolibon" tomonidan qoplanishi haqida hech qanday ma’lumotlar keltirilmagan.
Bundan tashqari xabarda ta’kidlanishicha, “Tolibon” rahbariyati har bir qishloqda islomiy ta’lim uchun diniy maktablar tashkil etishga harakat qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, “Tolibon” bir necha kun oldin mahalliy OAVlarda ayollar ovozi bilan yozilgan tijoriy e’lonlarni efirga uzatmaslik haqida ogohlantirgandi.
Shuningdek, bunga qadar afg‘onistonlik ayollarga nisbatan bir qator cheklovlar joriy qilingandi. Afg‘on ayollarining BMT idoralarida ishlashi, erkak shifokorlarga borishi, to‘yxonalar faoliyati, universitet va maktabda ta’lim olishi, shifoxonaga yolg‘iz borishi va ularning istirohat bog‘iga borishi taqiqlangan. Bundan tashqari, ayollarga ochiq havodagi restoranlarga kirish va Ramazon hayitida ham ko‘chaga chiqish man etilgandi.
Nurmuhammad Fayzullayev
LiveBarchasi