“Tolibon” qator vazirlik va idoralarga rahbarlar tayinladi

Olam

image

“Tolibon” harakati Afg‘onistonning qator vazirlik va idoralariga o‘z kadrlarini rahbar etib tayinladi. Bu haqda “Pajhwok” agentligi xabar bergan. 

Ta’kidlanishicha, Gul Og‘a Moliya vaziri vazifasini bajaruvchi, Sadr Ibrohim Ichki ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Maxfiy xizmatni Najibulla boshqaradi. Hamdulla Nomaniy Afg‘oniston poytaxti meri, mulla Shirin esa shu nomdagi Qobul viloyatining hokimi bo‘ldi. Hoji Muhammad Idris mamlakat Markaziy banki boshlig‘i vazifasini bajaruvchi bo‘lgan. Shuningdek, ta’lim va oliy ta’lim vazirlari ham tayinlangan. 

Ma’lumot o‘rnida, 2018 yil oktyabr oyida AQSH Moliya vazirligi Sadr Ibrohimni “Tolibon” harakatining asosiy a’zolaridan biri deb atagan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashiga ko‘ra, Mavlavi Shirin nomi bilan ham tanilgan mulla Shirin 2018 yil Afg‘oniston janubida “Tolibon” razvedkasini boshqargan. 

Joriy yilning 18 avgust kuni harakatning yuqori lavozimli a’zosi Vohidulla Hoshimiy
Afg‘onistonni toliblar kengashi boshqarishini ma’lum qilgan. Ta’kidlanishicha, yangi hukumatning oliy rahbari “Tolibon” boshlig‘i Haybatulla Oxundzod bo‘ladi, u o‘z vakolatlari bo‘yicha kengash rahbaridan ham yuqori bo‘ladi. 

Avvalroq, “Tolibon” harakati rahbariyati Afg‘onistonni boshqarish uchun kengash tuzmoqchi ekani, unga 12 kishi, shu jumladan, sobiq Prezident Ashraf G‘ani hukumatining ba’zi a’zolari ham kiritilishi mumkinligi haqida xabar bergandik.

20 yil deganda Afg‘onistonni tark etayotgan AQSH

2001 yili Nyu-Yorkda terakt (terrorchilik harakati) amalga oshirildi. Shundan so‘ng, AQSH va u a’zo bo‘lgan NATO kuchlari Afg‘onistonga qo‘shin kiritdi. Shu bilan Amerika tarixida eng uzoq davom etgan 20 yillik afg‘on urushi boshlandi. Kichik Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp kabi AQSH Prezidentlari ushbu urushni yakunlay olmadi. Faqat Prezident Bayden davriga kelib Afg‘onistondan mamlakat qo‘shinlarini olib chiqib ketish boshlandi. Bu jarayon joriy yilning 31 avgust kuni yakunlanadi. 

Afg‘onistondagi davlat to‘ntarishi

Afg‘onistonni bir yirik kuch tark etishi ortidan boshqa bir kuch — “Tolibon” mamlakat hududlarini egallay boshladi. Qayd etish kerakki, AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi oxiriga yetmay turib, “Tolibon” mamlakat poytaxtini egalladi. 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatgan toliblar 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tolibon

Baholaganlar

134

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing