"Tolibon” qanday harakat, u qachon va qayerda vujudga kelgan?

Tahlil

image

So‘nggi kunlarda Afg‘onistonda bo‘layotgan voqealar dunyo hamjamiyatining diqqat markazida bo‘lib turibdi. Amerika Qo‘shma Shtatlari va NATO joriy yilning may oyida o‘z harbiylarini Afg‘onistondan olib chiqib ketishni boshlashi bilan yana faollashgan “Tolibon” harakati oradan 3,5 oy o‘tib, Afg‘onistonda hokimiyatni egalladi. Xo‘sh, bugun Jahon matbuotining nazaridan tushmayotgan “Tolibon” qanday harakat, u qachon va qayerda vujudga kelgan? Ushbu maqolamizda “Tolibon”ning vujudga kelishi hamda uning siyosiy ambitsiyalari haqida so‘z yuritamiz.

Sovet-afg‘on urushidan so‘ng Afg‘oniston

1979 yilning dekabr oyida Sovet hukumati Afg‘onistonga qo‘shin kiritdi. Mamlakatda fuqarolar urushi boshlanib ketdi. 1989 yilda SSSR rahbari Mixail Gorbachyov (1953-1999) SSSR armiyasini Afg‘onistondan olib chiqib ketishga qaror qildi. 10 yil davom etgan bu urushda 15 ming covet jangchisi halok bo‘ldi. Jahon jamoatchiligi Sovet qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etishi bilan “mamlakatda tinchlik hukm suradi”, deb o‘ylashgan edi. Ammo, bunday bo‘lmadi.

1992 yilda muxolif kuchlar tomonidan Muhammad Najibullo hokimiyatdan ag‘darildi. Najibullo 1986 yilda Sovet hukumatining qo‘llab-quvvatlashi natijasida hokimiyatga kelgan edi. Shu tariqa, SSSRning Afg‘onistondagi tayanchi quladi. Lekin, Afg‘onistonda fuqarolik urushi davom etaverdi. Buning sababi muxolif kuchlar o‘rtasida o‘zaro hokimiyat uchun boshlangan kurash edi. Muxolif kuchlar Afg‘onistonda yashovchi turli etnik (pushtunlar, tojiklar, o‘zbeklar va boshqalar) hamda diniy guruhlarning vakillari edilar. 

Muhammad Najibullo hokimiyatdan ag‘darilgach, Kobul shahrini birinchi bo‘lib general Ahmad Shoh Masud boshchiligidagi qurolli kuchlar egallab oldi. Tojiklarning hokimiyatni egallaganiga pushtunlar lideri Gulbeddin Hikmatiyor toqat qila olmadi. Shu tarzda Afg‘onistonda fuqarolar urushi yangi bir sharoitda davom etdi. Mamlakatda siyosiy vaziyat borgan sari og‘irlashdi.

“Tolibon”ning vujudga kelishi

Afg‘onistondagi shunday og‘ir sharoitda yangi bir siyosiy kuch “Tolibon” (madrasa talabalari) paydo bo‘ldi. “Tolibon” – so‘zi pushtun tilidan olingan bo‘lib “talaba”, degan ma’noni anglatadi. Ular 1994 yilning noyabr oyida siyosiy kurash maydoniga chiqdilar. Xo‘sh, “Tolibon” kimlardan tarkib topgan edi?

“Tolibon” – Afg‘onistonda jamiyat hayotini sof islom asosida qayta qurish uchun kurashga bel bog‘lagan diniy-siyosiy guruh vakillaridir. Ularning
katta qismini fuqarolar urushi davrida yetim qolgan bolalar tashkil etgan. “Tolibon”ning asoschisi Mulla Umar edi.

Mulla Umar sovet bosqini davrida (1979-1989) mujohidlardan biri bo‘lgan. U kommunistik hukumat ag‘darilganidan so‘ng, Afg‘onistonda islomiy tamoyillarga asoslangan tartib o‘rnatishni targ‘ib qilgan. Shu maqsadda Mulla Umar Afg‘onistonning janubidagi Qandahor viloyatida 50 ta talaba bilan “Tolibon”ga asos soladi. 90-yillardagi fuqarolik urushi davrida Pokistonga qochib o‘tgan 5 mln afg‘on qochoqlarining farzandlari “Tolibon” guruhiga jalb etilgan. “Tolibon”ning asosiy kuchini shakllantirgan joy madrasalar bo‘lib, bu madrasalar asosan Pokiston hududida joylashgan edi. “Tolibon” vakillari Pokistondagi harbiy maktablarda puxta tayyorgarlikdan o‘tishgan.

“Tolibon” harakati Pokiston va Saudiya Arabistoni tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Ular “Al-Qoida” terrorchilik tashkiloti rahbari Usama ben Laden bilan mustahkam aloqa bog‘ladilar. To‘xtovsiz qonli urushdan charchagan aholining katta qismi ham ularni qo‘lladi. “Tolibon” 1994 yilning noyabr oyida Afg‘onistonning janubidagi Qandahor shahrini egallab oldi. Ular asta-sekinlik bilan boshqa shaharlarda ham o‘z nazoratini o‘rnatdi.

1995 yilning yanvar oyida “Tolibon” kuchlari poytaxt Qobulga hujum qildi. O‘sha vaqtdagi markaziy hukumatning Mudofaa vaziri Ahmad Shoh Masud bu hujumni qaytarishga muvaffaq bo‘ladi. “Tolibon” katta yo‘qotish bilan ortga chekinadi, lekin taslim bo‘lmaydi.

1996 yilning sentyabr oyida “Tolibon” qayta kuch to‘plab, Qobulga yana hujum qildi. Bu safar Ahmad Shoh Masud o‘z qo‘shinlari bilan shaharni tark etadi. Oktyabr oyida “Tolibon” Qobulni egallaydi. Shundan so‘ng, “Tolibon” Afg‘onistonda Islom amirligi tashkil etilganligini e’lon qildi. Uni faqatgina uch mamlakat Pokiston, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab amirliklari tan oldi.

O‘sha vaqtda Afg‘oniston hududining 90 foizini “Tolibon” nazorat qila boshladi. Shundan so‘ng, “Tolibon” jamiyatni to‘la islomlashtirish siyosatini yuritdi. Barcha dunyoviy maktablar yopildi. Ayollar paranji yopinishga, erkaklar esa soqol qo‘yishga majbur etildi. “Tolibon”ga qarshi kuchlar mamlakat shimoliga siqib qo‘yildi. Keyinchalik, qarshi kuchlar birlashib “Shimoliy Alyans”, deb atalgan ittifoq tuzdilar.

“Tolibon”ning qulashi

2001 yil 11 sentyabr kuni AQSHning Nyu-York shahridagi egizak minoralarga terroristik hujum uyushtirildi. Bu hujumni Xalqaro terrorchi Usama ben Laden o‘z bo‘yniga oldi. Shundan so‘ng, Ben Laden Afg‘onistonga yashirinadi. Bu esa AQSHning Afg‘onistonga bostirib kirishiga imkon yaratdi. Shu tariqa AQSH va NATO Afg‘onistonga qo‘shin kiritib, “Erkinlik operatsiyasini" boshladi. 

AQSH va NATO qo‘shinlari “Shimoliy Alyans” kuchlari bilan birgalikda birin-ketin shaharlarni egallay boshladilar. “Tolibon” 13 noyabr kuni Qobulni, dekabr oyida esa Qandahorni tashlab chiqib ketadi. Tez orada, “Tolibon” butunlay chekindi. Harakat rahbarlari Afg‘onistonni tark etishdi. Shu vaqtda barcha “Tolibon” yengildi deb o‘ylagan edi.

Afg‘oniston Islom Respublikasi

“Tolibon” rejimi qulaganidan so‘ng 2002 yilning iyun oyida Afg‘onistonning barcha qabilalari va guruh rahbarlarini o‘z ichiga olgan Oliy Kengash chaqirildi. Unda Hamid Karzay mamlakatning vaqtinchalik Prezidenti etib tayinlandi. 2004 yilda mamlakatning yangi Konstitutsiyasi qabul qilindi. Yangi Konstitutsiyaga ko‘ra, Afg‘oniston Islom Respublikasi deb e’lon qilindi. O‘sha yili o‘tkazilgan prezidentlik saylovida Hamid Karzay g‘alaba qozondi. 2009 yilgi navbatdagi prezidentlik saylovida Hamid Karzay  o‘z lavozimiga qayta saylanadi. 

2014 yilda bo‘lib o‘tgan saylov natijalariga ko‘ra, Ashraf G‘ani Afg‘onistonning navbatdagi Prezidenti etib saylandi. Bu orada “Tolibon” mamlakatning ayrim shaharlariga hujumlar uyushtirib turdi.

AQSH va “Tolibon” kelishuvi

AQSHning 45-Prezidenti Donald Tramp 2016 yil saylov kampaniyasi davrida afg‘on urushiga barham berishni va’da qilgandi. Tramp Prezident bo‘lgach, bergan va’dalarni bajara boshlaydi. 2019 yilning fevral oyida Vashingtonning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod “Tolibon”ga asos solgan insonlardan biri Mulla Abdul G‘ani Barodar bilan Qatar poytaxti Dohada ilk bor ko‘rishdi. Sakkiz raund davom etgan muzokaralardan so‘ng sulh bitimi tuzishgan erishildi. Biroq, 2019 yilning sentyabr oyida “Tolibon” Qobul va boshqa bir qator shaharlarda terrorchilik harakatini amalga oshirgani uchun Donald Tramp harakat bilan muzokaralarni to‘xtatishga va kelishuvni bekor qilishga buyruq berdi.

2020 yil 29 fevral kuni Qatarda 30 dan ortiq davlat vakillari ishtirokida AQSH va “Tolibon” o‘rtasida tinchlik sulhi imzolandi. Shartnomaga ko‘ra, Oq uy Afg‘onistondagi qo‘shinlari sonini 135 kun ichida 12 mingdan 8,6 ming kishigacha kamaytirish majburiyatini oldi. AQSH rasmiylari agar “Tolibon” mamlakatda terroristik harakatlarni mutlaqo to‘xtatsa, amerikaliklar o‘z harbiylari va NATO kuchlarini 14 oy davomida Afg‘onistondan olib chiqib ketishini ta’kidladi.

2020 yil AQSH prezidentlik saylovida Jo Bayden g‘alaba qozondi. Jo Bayden Trampning ko‘plab qarorlari va siyosiy loyihalarini bekor qilgan bo‘lsa-da, Afg‘oniston masalasida uning yo‘lidan yurdi. Bayden hokimiyatga kelishi bilan Doha bitimida keltirilgan shartlarni bajarishga kirishdi. O‘sha vaqtda AQSHning Afg‘onistonda 2,5 ming nafar harbiy xizmatchisi bo‘lgan.

2021 yil may oyidan boshlab AQSH va NATO o‘z kuchlarini Afg‘onistondan olib chiqishni boshladi. Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” faollashib, o‘zining siyosiy ambitsiyalarini amalga oshirish yo‘lidan bordi va birin-ketin mamlakat tumanlarini o‘z nazoratiga ola boshladi. Iyul oyining o‘rtalariga kelganda “Tolibon” Afg‘onistonning 50 dan ortiq tumanini egalladi.

“Tolibon” 14 avgust kuni poytaxt Qobulni o‘rab oldi. 15 avgust kuni Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani rasman iste’foga chiqib, mamlakatni tark etdi. Shu kuni Qobul toliblar tomonidan egallandi. Shu tariqa, Afg‘oniston Islom Respublikasi ag‘darildi. 

Afg‘onistondagi vaziyat

“Tolibon” Afg‘onistonning birgina Panjsher viloyatidan tashqari barcha hududlarni egallab oldi. Xozirda Panjsher provinsiyasi “Tolibon”ga bo‘ysunmagan yagona viloyat hisoblanadi. Afg‘onistonning 1992-1996 yillardagi Mudofaa vaziri, mashhur “dala qo‘mondoni” Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud Panjsher viloyatida bo‘lib, toliblarga qarshi kurashish uchun G‘arbdan yordam so‘ramoqda. 

Afg‘onistondagi notinchlik sabab mamlakat aholisi qo‘shni davlatlarga qochib o‘tmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining xabar berishicha 15 avgust kuni 158 nafar afg‘on fuqarolari va qurollangan harbiy xizmatchilari Amudaryo orqali O‘zbekiston chegarasidan qonunga xilof ravishda Termiz tumani hududiga o‘tgan.

17 avgust kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) Qochqinlar bo‘yicha Oliy Komissarligi Afg‘onistonga qo‘shni bo‘lgan davlatlarni janjallardan panoh izlagan mamlakat aholisiga chegaralarni yopmaslikka chaqirdi.

19 avgust kuni “Tolibon” 2001 yilda  AQSH va NATO harbiylari tomonidan qulatilgan Afg‘oniston Islom Amirligini qayta tiklaganligini rasman e’lon qildi. Harakat Afg‘onistonda demokratiy davlat qurmasligini ma’lum qildi. Dunyo davlatlaridan hech biri hozircha Afg‘oniston Islom Amirligini tan olmadi...

Sardor Ali Nurmatov
 


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Afg'oniston Tolibon SSSR

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing