“Tolibon” Germaniya bilan diplomatik aloqalar o‘rnatmoqchiligini ma’lum qildi
Olam
−
05 Sentabr 2021
5709Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga kelgan “Tolibon” harakati Germaniya Federativ Respublikasi bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatmoqchi. Bu haqda harakat vakili Zabihulloh Mujohid bugun, 5 sentyabr kuni “Welt am Sonntag” gazetasida chop etilgan maqolasida aytib o‘tdi.
“Biz Germaniya bilan mustahkam va rasmiy diplomatik aloqalarni xohlaymiz”, deydi u. Zabihulloh Mujohidning so‘zlariga ko‘ra, “Tolibon” Germaniyadan, shuningdek, boshqa davlatlardan moliyaviy ko‘mak va gumanitar yordam olishni, sog‘liqni saqlash, ta’lim hamda qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik qilishni xohlaydi.
Ma’lumot o‘rnida, Germaniya Afg‘oniston poytaxti Qobuldagi elchixonasini toliblar hokimiyatga kelganidan so‘ng, darhol yopgan.
Biroq, Germaniya kansleri Angela Merkel ham, mamlakat Tashqi ishlar vaziri Xeyko Maas ham kelajakda Germaniyaning Afg‘onistonda vakolatxonasi bo‘lishini istisno qilmagan. Shu bilan birga bu uchun ma’lum bir shart-sharoitlar kerak bo‘lishi ta’kidlangan.
Qayd etish kerakki, Merkel bunday vakolatxonaning ochilishi “Tolibon” hokimiyatning tan olinishni anglatmasligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, Germaniya TIV rahbari joriy yilning avgust oyi oxirida O‘zbekiston poytaxti Toshkentda bo‘lib, Abdulaziz Komilov bilan muzokaralar olib borgandi. Aynan ushbu tashrifdan so‘ng, Xeyko Maas Afg‘onistonda Germaniya elchixonasini tiklash kerakligini e’lon qilgan.
Afg‘onistondagi vaziyat
AQSHning Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy operatsiyasi Prezident Jo Bayden davriga kelib yakunlandi. AQSH qo‘shinlari joriy yilning 31 avgust kuni mamlakatni tark etdi. Ushbu jarayon yakunlanmasidan “Tolibon” harakati poytaxt Qobulni egallab, joriy yilning 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatdi. 19 avgust kuniga kelib toliblar Afg‘oniston Islom Amirligi tuzulganini e’lon qildi.
LiveBarchasi