“Tolibon” G‘arbni g‘ayriinsoniylikda aybladi
Olam
−
26 avgust 2021
7930“Tolibon” harakati vakili Zabihulla Mujohid G‘arb davlatlari Afg‘onistondan o‘z fuqarolari bilan birgalikda mahalliy malakali mutaxassislarni ham evakuatsiya qilayotganidan shikoyat qildi.
“Ular mamlakatimiz ishlariga aralashmasligi va inson resurslarini olib ketmasligi kerak: shifokorlar, o‘qituvchilar, boshqa kerakli odamlar. Amerikada ular idish yuvuvchi yoki oshpaz bo‘lishlari mumkin. Bu g‘ayriinsoniylik”, degan Mujohid “The New York Times” nashriga bergan intervyusida.
Uning aytishicha, toliblar AQSHda ishlagan sobiq tarjimonlar va boshqa afg‘onlarni ta’qib qilmagan va bu odamlarga o‘z vatanida hech narsa tahdid solmagan.
Shuningdek, Mujohid AQSH afg‘on elitasini mamlakatni tark etishga undamasligi kerakligini aytgan.
Avvalroq, Mujohid “Tolibon” harakati Qobul xalqaro aeroportiga olib boruvchi yo‘lni to‘sib qo‘yib, faqatgina xorijliklarga ruxsat berayotganini ma’lum qilgandi.
20 yil deganda Afg‘onistonni tark etayotgan AQSH
2001 yili Nyu-Yorkda terakt (terrorchilik harakati) amalga oshirildi. Shundan so‘ng, AQSH va u a’zo bo‘lgan NATO kuchlari Afg‘onistonga qo‘shin kiritdi. Shu bilan Amerika tarixida eng uzoq davom etgan 20 yillik afg‘on urushi boshlandi. Kichik Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp kabi AQSH Prezidentlari ushbu urushni yakunlay olmadi. Faqat Prezident Bayden davriga kelib Afg‘onistondan mamlakat qo‘shinlarini olib chiqib ketish boshlandi. Bu jarayon joriy yilning 31 avgust kuni yakunlanadi.
Afg‘onistondagi davlat to‘ntarishi
Afg‘onistonni bir yirik kuch tark etishi ortidan boshqa bir kuch — “Tolibon” mamlakat hududlarini egallay boshladi. Qayd etish kerakki, AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi oxiriga yetmay turib, “Tolibon” mamlakat poytaxtini egalladi. 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatgan toliblar 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi.
LiveBarchasi