“Tolibon”dan navbatdagi yurish: Navoiy tug‘ilgan shahar ham egallandi

Olam

image

Bugun, 12 avgust kuni “Tolibon” radikal harakati Afg‘onistonning g‘arbiy qismida joylashgan xuddi shu nomdagi viloyatning ma’muriy markazi bo‘lgan Hirot shahrini o‘z nazoratiga oldi. Bu haqda “Agence France-Presse” nashri Afg‘oniston xavfsizlik xizmatlaridagi manbasiga tayanib xabar berdi.

Agentlikka ko‘ra, hukumat kuchlari “shahar vayron bo‘lmasligi uchun” chekinishga majbur bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, “Tolibon” Hirotni egallashda “qarshilikka uchramagan”.

Ma’lumot o‘rnida, Hirot Afg‘onistonning uchinchi eng yirik shahri hisoblanadi. Ushbu shaharda 1441 yilning 9 fevral kuni Alisher Navoiy tug‘ilgan. 

Ayni paytda, “Tolibon” matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid butun Hirot viloyati harakat qo‘lida ekanini aytmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, toliblar “mahalliy ma’muriyat binosi, politsiya shtab-kvartirasi va boshqa ko‘plab muhim ob’ektlarni egallab olgan. Hukumat kuchlari jangchilari esa qurollarini tashlab, “Tolibon” tarafiga o‘tgan”.

Eslatib o‘tamiz, toliblar bundan avval Afg‘onistonning ikkinchi eng yirik shahri — Qandahorni hamda strategik muhim shahar — G‘aznini egallagan edi. Afg‘onistonning eng yirik shahri esa Qobul hisoblanadi. 

Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik

Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, ItaliyaAvstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

665

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing