“Tolibon” bosimi ortidan Turkiyadagi Afg‘oniston elchixonasi yopildi
Olam
−
07 fevral
5948Kecha, 6 fevral kuni Afg‘onistonning Turkiya poytaxti Anqara shahridagi elchixonasi o‘z eshiklarini rasman yopganini e’lon qildi. Bu haqda elchixonaning X ijtimoiy tarmog‘ida xabar berildi.
Ma’lum qilinishicha, elchixona so‘nggi uch yarim yil davomida “Tolibon” hokimiyatga kelgunga qadar Afg‘oniston davlati vakili bo‘lgan jamoa bilan ishlagan.
“Tolibon”ning elchixonani nazorat ostiga olishga bo‘lgan muvaffaqiyatsiz urinishlari va bu elchixona diplomatlari va xodimlariga doimiy bosim o‘tkazilayotgani sabab elchixona yopildi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Turkiya Tashqi ishlar vazirligi bu borada hozircha izoh bermagan.
O‘zining yakuniy xabarida elchixona Afg‘onistonda “xalq irodasiga asoslangan qonuniy hukumat” yo‘qligi sabab yopilayotganini yozgan. Shuningdek, elchixona vakillari yillar davomida ko‘rsatgan yordami uchun Turkiyaga minnatdorchilik bildirgan.
“Turkiya “Tolibon” hukmronligini tan olmaganiga va barcha ikki tomonlama kelishuvlarni to‘xtatganiga qaramay, hozirgi og‘ir vaziyatda afg‘on xalqining yonida turishda davom etmoqda. Bu qarorda Turkiyaning Qobuldagi elchixonasi hamda Mozori Sharif va Hirotdagi Bosh konsulliklarini Afg‘oniston xalqiga xizmat ko‘rsatish uchun faol qoldirish zarurati inobatga olingan. Umid qilamizki, Turkiyaning bu insonparvar va xalqqa qaratilgan siyosati Afg‘oniston xalq irodasiga asoslangan qonuniy hukumatga erishmaguncha davom etadi”, deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil kuzda Britaniya hukumati Afg‘oniston sobiq hukumati tomonidan tayinlangan mamlakat elchixonasini yopish to‘g‘risida afg‘on diplomatlarini xabardor qilgandi. Bu harakat iyul oyida “Tolibon”ning avvalgi hukumat tomonidan tashkil etilgan elchixonalarni, jumladan Kensingtondagi missiyani endi tan olmaslik to‘g‘risida e’lon qilganidan keyin amalga oshirildi. Elchixona 27 sentyabr kuni rasman yopildi.
LiveBarchasi