“Tolibon” boshqa davlatlarni Rossiyadan o‘rnak olishga chaqirdi
Olam
−
18 noyabr 2021
10595Afg‘onistonda hokimiyatni egallagan toliblar gumanitar yordam ko‘rsatgan Rossiyaga minnatdorlik bildirdi va boshqa davlatlarni ushbu davlatdan o‘rnak olishga chaqirdi. Bu haqda “Tolibon” harakati vakili Zabihulla Mujohid ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Prezident Vladimir Putin topshirig‘iga ko‘ra Rossiya Aerokosmik kuchlarining uchta Il-76 harbiy-transport samolyoti 380 nafar Rossiya fuqarosini evakuatsiya qilish uchun bugun, 18 noyabr kuni Afg‘onistonga yetib borgan. Samolyotlar, shuningdek Qobul aeroportiga gumanitar yuklarni yetkazgan: har bir samolyot Afg‘oniston aholisi uchun Rossiya Federatsiyasidan 36 tonnadan gumanitar yuk olib borgan.
“Rossiya va rus xalqiga Afg‘oniston va Islom Amirligi xalqi nomidan minnatdorlik bildirildi, boshqa davlatlar ham xuddi shunday choralar ko‘rishga taklif qilindi”, deyiladi Mujohid ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan bayonotda.
Mujohidning ta’kidlashicha, Rossiya tomonidan olib borilgan yuk ichida un, yog‘ va ko‘rpa-to‘shaklar bo‘lgan.
Afg‘onistondagi vaziyat
AQSHning Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy operatsiyasi Prezident Jo Bayden davriga kelib yakunlandi. AQSH qo‘shinlari joriy yilning 31 avgust kuni mamlakatni tark etdi. Bunga qadar Yevropaning boshqa davlatlari, jumladan Britaniya va Germaniya ham mamlakatni tark etdi. Ushbu jarayon yakunlanmasidan “Tolibon” harakati poytaxt Qobulni egallab, joriy yilning 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatdi. 19 avgust kuniga kelib toliblar Afg‘oniston Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi.
LiveBarchasi