“Tolibon” BMTning afg‘on ayollari haqidagi hisobotini rad etdi

Olam

image

Shu hafta Birlashgan millatlar tashkiloti tomonidan e’lon qilingan Afg‘onistondagi ayollar ahvoli haqidagi hisobot haqiqiy emas va propagandaga asoslangan. Bu haqda Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati vakili Zabihulloh Mujohid ma’lum qildi.

“Bu hisobot aniq emas. Afsuski, tegishli bayonotlar Afg‘onistondan olingan ma’lumotlarga emas, balki propagandaga asoslangan. Bizda ko‘plab ayollar biznes va ish bilan shug‘ullanmoqda hamda o‘z hayotida muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Hali ham turli sohalarda faoliyat ko‘rsatayotgan va hukumat tarkibida faoliyat yuritayotgan ayollarimiz bor”, dedi Mujohid.

BMT hisobotiga ko‘ra, “Tolibon”ning so‘nggi uch yilda chiqargan farmonlari, ko‘rsatmalari va amaliyotlari ayollarning Afg‘oniston ijtimoiy hayoti va rahbarlik lavozimlaridan – deyarli barcha sohalardan tizimli tarzda chiqarib yuborilishiga qaratilgan.

“Bu farmonlar oqimida Afg‘onistonda qizlar va yosh ayollarning o‘rta va oliy ta’lim olishiga ham taqiq kiritilgan”, deyiladi hisobotda.

BMT, shuningdek, jamiyatdan ayollar va qizlarning deyarli to‘liq chiqarib yuborilishi, ustma-ust kelayotgan iqtisodiy va gumanitar inqirozlar bilan birgalikda aksariyat afg‘onlarning turmush sharoitlarining keskin yomonlashuviga olib kelayotganini ta’kidlagan.

“Bu “Afg‘oniston bo‘ylab oilalarda gender normalarining o‘zgarishi va ruhiy salomatlik inqiroziga sabab bo‘lmoqda”, deyiladi hisobotda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Tolibon” muvaqqat hukumati ayollarga nafaqat erkaklar, balki ayollar bilan ham ochiqchasiga gaplashishni taqiqlagani xabar qilingan edi. Yangi qoidaga ko‘ra, ayollar o‘z ovozini boshqa ayollar eshitishga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Shu boisdan Afg‘onistondagi ayollar Qur’onni ayollar bor joyda ovoz chiqarib o‘qishdan ham tiyilishi lozim.


Maqola muallifi

Teglar

BMT “Tolibon” afg'on ayollari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing