“Tolibon” BMT ma’ruzachisining Afg‘onistonga kirishini taqiqladi
Olam
−
21 avgust
2417Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatining rasmiy vakili Zabihulloh Mujohid BMTning Afg‘onistondagi inson huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Richard Bennettni mamlakatdagi vaziyat haqida targ‘ibot va ma’lumotlarni buzib ko‘rsatishda aybladi va bundan buyon uning Afg‘onistonga kirishini taqiqladi. Bu haqda “ToloNyews” xabar berdi.
“Janob Bennetning Afg‘onistonga sayohati taqiqlangan, chunki u Afg‘onistonda tashviqot olib borish uchun tayinlangan. U biz ishonadigan odam emas. Endi uning bu yerga kelishiga ruxsat berilmaydi. U mayda muammolarni bo‘rttirib, xalqaro hamjamiyatga tarqatdi”, dedi Zabihulloh Mujohid.
Siyosiy tahlilchi Fazal Rahmon Orining so‘zlariga ko‘ra, Bennett amaldagi hukumatning qonuniyligini hurmat qilmagan va unga xilof ishlarni amalga oshirgan.
Ma’lumot uchun, Richard Bennet 2022 yilning aprelidan beri BMTning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi bo‘lib ishlagan. U o‘z hisobotlarida mamlakatda inson huquqlarining buzilishi, jumladan, afg‘on ayollari huquqlarining poymol etilishini bir necha bor ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Afg‘onistonda hokimiyatni nazorat qilayotgan “Tolibon” harakati ayol afg‘on sportchilarining mamlakat Olimpiya terma jamoasidagi ishtirokini tan olmasligini aytgandi.
Zebo Turobjonova