“Tolibon” ayollar radiostansiyasini ochishga ruxsat berdi
Olam
−
08 aprel 2023
3195Afg‘onistondagi Muvaqqat hukumat – “Tolibon” mamlakat shimolidagi Badaxshon viloyatida efirga uzatiladigan Sada-e-Banowan (dariy tilidan tarjimasi – “Ayollar ovozi”) ayollar radiostansiyasining faoliyatini qayta tiklashga ruxsat berdi. Bu haqda “TOLOnews” telekanali ma’lum qildi.
“Biz (“Tolibon” tomonidan tuzilgan) axborot va madaniyat departamenti idorasi bilan bog‘landik va qonunbuzarliklarning oldini olishga harakat qilish majburiyatini oldik”, deydi radiostansiya rahbari Najia Sorosh.
Badaxshon Jurnalistlarini himoya qilish qo‘mitasi rahbari Mohibulla Saidiyga ko‘ra, ayollar orasida radio tinglovchilar erkaklarnikiga qaraganda ko‘proq bo‘lib, Badaxshon aholisi uchun ayollar ommaviy axborot vositalari zarur.
Viloyat axborot va madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Moazuddin Ahmadiyning aytishicha, radiostansiya musiqa chalayotgani va xodimlari orasida erkaklar ham bo‘lgani uchun bir hafta oldin yopilgan.
“Ular(Sada-e-Banowan rahbariyati) bu ikki jihatni nazorat qilishni o‘z zimmalariga oldi. Biz bugun bu yerga keldik va ularning radiostansiyasini qayta ochdik. Ularda samarali efir bo‘ladi va bu yerda ko‘plab ayollar ishlaydi”, deydi Ahmadiy.
Qayd etilishicha, hozirda Badaxshon viloyatida ikkita telekanal va 10 ta radio ishlamoqda. Ushbu ommaviy axborot vositalaridan ikkitasi ayollar tomonidan boshqariladi.
2021 yil avgustida hokimiyatni qo‘lga kiritgach, “Tolibon” ommaviy axborot vositalari ishini sezilarli darajada cheklab, ayollar huquqlarini poymol qila boshladi va musiqani omma oldida ijro etishni taqiqladi.
LiveBarchasi