“Tolibon” “Al-Qoida” bilan chuqur aloqalarni saqlab kelmoqda — Ashraf G‘ani

Olam

image

“Tolibon” harakati “Al-Qoida” terrorchilik tarmog‘i, shuningdek “Lashkari-toyiba” va “Jayshi Muhammad” terrorchilik guruhlari bilan chuqur aloqa o‘rnatgan. Bu haqda Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani ma’lum qildi. 

“Tolibon” “Al-Qoida”, “Lashkari-toyiba” va “Jayshi Muhammad” bilan chuqur aloqalarni saqlab kelmoqda. “Tolibon” olib borayotgan urush hech qanday diniy yoki milliy asosga ega emas. Biz yaqin uch-olti oy ichida vaziyatni o‘zgartirishga harakat qilamiz, ijobiy o‘zgarishlar rejalarini ishlab chiqmoqdamiz”, deya Afg‘oniston Prezidentining nutqidan iqtibos keltirgan “Tolo News” telekanali. 

Unga ko‘ra, toliblar Afg‘onistonni isyonchilar makoniga aylantirish niyatida. 

“Tolibon” Afg‘onistonni har xil isyonchilar boshpanasiga aylantirmoqchi. Hukumat bunga hech qachon yo‘l qo‘ymaydi. Bizning maqsadimiz Afg‘onistonni va uning ozodligini, so‘nggi 20 yil ichida erishilgan yutuqlarni himoya qilishdir. Adolatli va mustahkam tinchlikni o‘rnatish uchun irodamiz yetarli", degan Prezident. 

“Bakhtar” agentligining Afg‘oniston armiyasi yuqori qo‘mondonligiga tayanib xabar berishicha, “Al-Qoida” “Tolibon” jangarilariga mamlakatda terrorchilik hujumlarini uyushtirishda yordam bergan holda o‘z instruktorlarini jo‘natmoqda. Ushbu hamkorlik Afg‘onistondagi janglarning kuchayishiga sabab bo‘lmoqda.

Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik

Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, ItaliyaAvstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston G'ani toliblar

Baholaganlar

61

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing