“Tolibon” AQSHga hech qanday baza berilmasligini bildirdi

Olam

image

Afg‘onistonning “Tolibon” muvaqqat hukumati AQSHga Bagram aviabazasi ustidan nazoratni qaytarib bermaydi. Bu haqda harakat matbuot kotibi Zabihullo Mujohid “The Times ” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.

“Tolibon” vakiliga ko‘ra, Qobul Vashington bilan siyosiy va iqtisodiy aloqalarni “o‘zaro hurmat va umumiy manfaatlar” asosida rivojlantirishga tayyor, biroq “Afg‘oniston hech qachon o‘z hududida begonalarning harbiy mavjudligini qabul qilmaydi”.

“Biz amerikaliklarni islomiy amirlikdan haydab chiqardik va ularning mamlakatimizda mavjud bo‘lishiga rozi bo‘lmaymiz. Ular o‘n yillar davomida bizga hujum qildi, urush olib bordi, biz esa bu yerda hech qanday amerikaliklarning borligiga toqat qilmaymiz”, degan Mujohid. 

Shu bilan birga, Vashingtondagi Osiyo bo‘yicha ekspert Maykl Kugelman “Tolibon” rahbariyati AQSH bilan munosabatlarni normallashtirishga intilayotgani va bunga erishish uchun ayrim yon berishlarga ham tayyor ekanini aytgandi. Biroq uning qat’iy “qizil chiziqlari” bor, ulardan biri – aynan Bagram masalasi. “Tolibon” doimo va izchil tarzda o‘z hududida AQSHning harbiy mavjudligi bilan bog‘liq barcha takliflarni rad etib kelmoqda. 

Ma’lumot uchun, 2001–2021 yillarda Bagram aerodromi AQSH boshchiligidagi xalqaro koalitsiyaning eng yirik bazasi bo‘lgan. 2021 yilda amerikaliklar uni tark etgan, aynan o‘sha yilning yoz oyida esa baza “Tolibon” muvaqqat hukumatining qo‘liga o‘tgan edi. 

2021 yilning 14 aprelida AQSHning 46-prezidenti Jo Bayden Afg‘onistondagi operatsiyani yakunlashni e’lon qilgan edi. Bu AQSH tarixidagi eng uzoq xorijdagi harbiy kampaniya bo‘lib, u 2001 yil oktyabrida boshlangan. Kampaniyaning eng yuqori cho‘qqisi paytida (2010–2013 yillarda) mamlakatda xalqaro kuchlar soni 150 mingdan oshgan edi. Asosiy AQSH va NATO bo‘linmalari 2014 yilda chiqib ketgan, so‘nggi amerikalik askarlar esa 2021 yil sentyabr boshida Afg‘onistonni butunlay tark etgan.

Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Donald Tramp 18 sentyabr kuni Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer bilan Londonda o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida hukumat Afg‘onistondagi Bagram aviabazasini qaytarib olish ustida ishlayotganini ma’lum qilgandi. Trampning aytishicha, Bagram dunyodagi eng yirik aviabaza hisoblanadi. Prezident AQSH bazani qaytarib olishga intilayotganining sababi Xitoy bilan bog‘liq ekanini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Tolibon Vashington Bagram

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing