“Tolibon” Afg‘onistonning O‘zbekiston oldidagi qarzini uzishga va’da berdi
Jamiyat
−
23 Oktabr 2021
12673“Tolibon” harakati tomonidan tuzilgan muvaqqat hukumat Afg‘onistonning O‘zbekiston oldidagi elektr energiyasi bo‘yicha qarzlarini to‘liq to‘lash majburiyatini olgan. Bu haqda O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov ma’lum qildi, deya yozmoqda rus nashrlari.
“Biz muzokara o‘tkazdik. Unda muvaqqat hukumat vakillari, energetika sohasi uchun mas’ullar hamda Afg‘oniston elektr tarmoqlari [AET] kompaniyasi vakillari ishtirok etdi. Vaziyat imkon bersa, chunki bank tizimining ishlashi hamda muvaqqat hukumatning tan olinishi bilan bog‘liq bir qator muammolar bor, AET’dagi hamkasblar mavjud bo‘lgan barcha qarzlarni darhol qoplab beradi, shunga kelishdik. Lekin, bunga qaramay, biz elektr energiyasi bilan ta’minlashda davom etmoqdamiz”, deydi Umurzoqov.
Bosh vazir o‘rinbosari Toshkent Qobulga elektr energiyasi yetkazib berishni bir soat ham to‘xtatmaganini, Afg‘oniston esa O‘zbekistondan o‘z ehtiyojiga ko‘ra elektr energiyasini to‘liq olayotganini qayd etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday qarorga asosiy sabab “qardosh afg‘on xalqiga mana shu og‘ir damda yordam ko‘rsatish” istagidir.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh assambleyasining 76-sessiyasida qilgan onlayn nutqida jahon hamjamiyatini Afg‘onistonning yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirib, O‘zbekiston o‘z qo‘shnilariga muntazam ravishda oziq-ovqat, neft mahsulotlari va elektr energiyasi yetkazib berayotganini qayd etgandi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 15 avgust kuni mamlakatda hokimiyatni egallagan toliblar, 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligini tuzdi. Joriy yilning 6 sentyabr kuni “Tolibon”ga bo‘ysunmay turgan yagona viloyat – Panjsher egallangach, 7 sentyabr kuni harakat rahbarlari muvaqqat hukumatni shakllantirdi.
Qayd etish kerakki, toliblar Afg‘onistonda hokimiyatga kelgach, chet davlatlar hamda xalqaro tashkilotlardan kelayotgan yordam to‘xtab qoldi. Bundan tashqari, minglar afg‘onlar vatanini tark etdi va bu jarayon hali ham davom etmoqda. Toliblarni Afg‘onistonda tarafdorlari ko‘pligiga shubha yo‘q, biroq ular hokimiyatga kelgach ko‘plab qiyinchiliklarga uchramoqda. Ayniqsa, moliyaviy tomondan yo‘qotishlar katta.
Shunday bir davrdan jahon hamjamiyati Afg‘onistonni bee’tibor qoldirmoqchi emas. Bunday xatoga dunyo yetakchilari avval yo‘l qo‘ygan. Buning oqibatlari ayniqsa AQSHning esidan chiqmaydi. Afg‘oniston terrorchi guruhlar uyasiga aylanmasligi uchun jahon yetakchilari “Tolibon” bilan ishlamoqchi, hatto ushbu harakat BMT tomonidan terrorchilik tashkiloti, deb tan olingan bo‘lsa ham.
LiveBarchasi