Afg‘on birodarlarimizdan kuchli va aniq kafolatlarni oldik – Komilov
Jamiyat
−
07 Oktabr 2021
12276“Tolibon” Afg‘oniston zaminidan O‘zbekistonga qandaydir xavf yoki tahdid bo‘lishiga hech qachon yo‘l qo‘ymaslikka va’da berdi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Afg‘onistonga tashrifi so‘nggida ma’lum qildi.
Bugun, 7 oktyabr kuni Komilov boshchiligidagi delegatsiya Afg‘oniston muvaqqat hukumati vakillari bilan uchrashdi. Uchrashuv yakunida O‘zbekiston TIV rahbari o‘zbek tilining Afg‘onistondagi taqdiri bo‘yicha ham to‘xtalib o‘tgan.
"Afg‘oniston zaminida uzoq vaqtdan buyon istiqomat qilib kelayotgan o‘zbek vatandoshlarimizning tili va madaniyati Afg‘onistonning yangi hukumati davrida ham rivojlanishda davom etadi", deydi Komilov.
Tomonlar yaqin orada Termiz shahrida savdo-iqtisodiy masalalar, jumladan, “Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish tarmoqlari va “Mozori-Sharif – Qobul – Peshovar” yo‘nalishi bo‘ylab temir yo‘l qurish loyihalarini amalga oshirish masalalarini muhokama qilish uchun qo‘shma muzokaralar o‘tkazish to‘g‘risida kelishib olgan.
O‘z navbatida, Afg‘oniston tomoni ushbu loyihalarni amalga oshirishga jalb qilingan o‘zbekistonlik mutaxassislarning xavfsizligini ta’minlashga tayyorligini ma’lum qilgan.
“Birodar O‘zbekiston xavfsizligiga Afg‘oniston hududidan hech qanday tahdid bo‘lmasligi rasmiy Qobul tomonidan qat’iy ta’kidlandi”, deyiladi TIV xabarida.
Tomonlar mamlakatdagi mavjud vaziyat, Afg‘oniston xalqiga gumanitar va boshqa turdagi yordam ko‘rsatish bo‘yicha sa’y-harakatlar, shuningdek, mamlakatda energetika va transport sohalarida yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish masalalarini muhokama qilgan.
Shavkat Mirziyoyev nomiga aytilgan tashakkurlar
Afg‘oniston muvaqqat hukumati a’zolari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga afg‘on xalqining orzu-intilishlariga qaratayotgan e’tibori, oziq-ovqat inqirozining oldini olishda ko‘rsatgan yordami uchun samimiy minnatdorlik bildirgan.
Afg‘oniston tomoni O‘zbekiston Prezidentining mamlakatning yangi hokimiyati bilan konstruktiv va o‘zaro maqbul muloqot o‘rnatishga qaratilgan siyosatini, shuningdek, xalqaro hamjamiyatga Afg‘onistonning xorijdagi muzlatilgan aktivlariga nisbatan qo‘yilgan cheklovni olib tashlash chorlovini yuqori baholagan.
Afg‘oniston delegatsiyasi a’zolari O‘zbekiston hukumatiga “Mozori-Sharif” xalqaro aeroporti faoliyatini tiklash, O‘zbekiston – Afg‘oniston chegarasining uzluksiz ishlashi, u orqali mamlakatga doimiy ravishda oziq-ovqat va boshqa turdagi birlamchi tovarlar yetkazib berishdagi ko‘rsatilayotgan yordam uchun chuqur minnatdorlik bildirgan.
Ushbu uchrashuvda “Tolibon”dan kimlar ishtirok etdi?
O‘zbekiston TIV rahbari Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya Afg‘oniston muvaqqat hukumat rahbarining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Mulla Abdul Kabir boshchiligidagi Afg‘oniston rahbariyati vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuvda Afg‘oniston Bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari A.Hanafiy, transport va fuqaro aviatsiyasi, umumiy ishlar, energetika va suv resurslari vazirlari ham ishtirok etgan.
Bundan tashqari, Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Mavlaviy Amirxon Muttaki bilan alohida muzokaralar olib borilgan.
LiveBarchasi