“Tolibon” Afg‘onistonning sobiq prezidentiga nisbatan cheklovlarni kuchaytirdi – manba
Olam
−
23 iyul 5281 2 daqiqa
“Tolibon” hukumati Afg‘onistonning sobiq prezidenti Hamid Karzayning hatto tug‘ilgan viloyati Qandahorga borishini ham taqiqlagani, uning safarlari va uchrashuvlariga nisbatan qat’iy cheklovlar o‘rnatgani aytilmoqda. Bu haqda “Afghanistan International” manbalari xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, so‘nggi oylarda Karzayga nisbatan cheklovlar yanada kuchaytirilgan. Xususan, uning mamlakat ichida safar qilishi va siyosiy uchrashuvlar o‘tkazishi yanada qattiq nazoratga olingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Karzay so‘nggi yillarda bir necha marta Qandahorga borib, qarindoshlari, qabila oqsoqollari va do‘stlari bilan uchrashishga uringan, ammo “Tolibon” uning viloyatga tashrif buyurishiga ruxsat bermagan.
Manbalardan birining aytishicha, “Tolibon” Karzay Qandahor yoki boshqa viloyatlarga borsa, u keng jamoatchilik tomonidan katta kutib olinishi, bu esa uning siyosiy nufuzi va ta’sirini qayta tiklashi mumkinligidan xavotirda.
Yana bir manbaga ko‘ra, uning ijtimoiy va siyosiy faoliyatiga doir cheklovlar ham kuchaytirilgan. Aytilishicha, Karzay mahalliy yoki xorijiy shaxslar, diplomatlar va siyosiy yetakchilar bilan “Tolibon” ruxsatisiz uchrasha olmaydi.
Manbalarning ta’kidlashicha, “Tolibon” Karzayning ayrim Oshuro marosimlarida qatnashishiga hamda Eron Islom Respublikasining sobiq rahbari Ali Xomanaiyning janozasida ishtirok etishiga ham to‘sqinlik qilgan.
Shuningdek, manbalarga ko‘ra, “Tolibon”ning ayrim yuqori lavozimli amaldorlari sobiq prezidentga mamlakatdagi siyosiy vaziyat, qizlar ta’limi va boshqa masalalar bo‘yicha ommaviy bayonotlar berishdan tiyilishni tavsiya qilgan.
Ma’lumot uchun, Afg‘onistonning sobiq prezidenti Hamid Karzay “Tolibon” 2021 yilda hokimiyatga qaytganidan keyin ham mamlakatda qolgan. Shu davr mobaynida u, xabarlarga ko‘ra, har yilgi tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun Germaniyaga, shuningdek Birlashgan Arab Amirliklari va Buyuk Britaniyaga cheklangan sondagi xorijiy safarlarni amalga oshirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistonda qizlar ta’limi ketma-ket 5-yil taqiqlangani xabar berilgandi.
Live
Barchasi