Afg‘onistonda qizlar ta’limi ketma-ket 5-yil taqiqlandi
Olam
−
27 mart 3178 2 daqiqa
Kecha, 26 mart kuni Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatining ta’lim vazirligi fors taqvimiga ko‘ra yangi o‘quv yilining ochilish marosimini o‘tkazdi. Biroq bu yil ham qizlar ta’limi taqiqlanganicha qoldi. Bu haqda “Afghanistan International” xabar qildi.
Qayd etilishicha, “Tolibon” ketma ket 5 yil 6-sinfdan yuqori bo‘lgan qizlar ta’limini cheklagan va bunga hech qanday izoh keltirmagan.
E’tiborli tomoni, yangi o‘quv yilining ochilish marosimi ta’lim vaziridan boshqa ko‘plab rasmiylar ishtirokida o‘tkazilgan.
“Tolibon”ning ma’muriy ishlar boshqarmasi rahbari Nurulloh Anvar marosimda avvalgi hukumat davridagi o‘quv dasturi mamlakat ehtiyojlariga javob bermasligini ta’kidlagan. Shuningdek, u yangi dastur ustida ishlar davom etayotganini va uni “mamlakat ehtiyojlariga asoslangan holda” yaratish bo‘yicha harakatlar olib borilayotganini qo‘shimcha qilgan.
Qolaversa, “Tolibon” Afg‘onistonda maktab va universitet dasturlarini o‘zlarining qat’iy diniy talqinlariga muvofiq qayta shakllantirgan, bu esa xalq orasida bolalar kelajagi haqida xavotir uyg‘otib keladi.
Yangi o‘quv yili qizlarning maktab va universitetlarga yopiq qolishi yuzasidan noroziliklar davom etayotgan bir paytda boshlandi, “Tolibon” esa diniy maktablarni qurishni oldingidan ham kengaytirgan.
“Tolibon” vakili Zabihullo Mujohidning bildirishicha, ta’lim vazirligi tomonidan 20 000 dan ortiq diniy madrasalar faoliyat yuritmoqda. Unga ko‘ra, taxminan 2,5 million talabalar ushbu maktablarda islomiy fanlarni o‘rganib keladi.
Sobiq davlat rahbari Hamid Karzay qizlar uchun maktab va universitetlarni qayta ochish hamda ayollar uchun ish imkoniyatlari yaratishni talab qilgan. U ushbu taqiq davom etishi mamlakat uchun qaytarilmas oqibatlarga olib kelishi mumkinligini yana bir bor ogohlantirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistonda ayollarga nisbatan zo‘ravonlik so‘nggi ikki yil ichida 40 foizga oshgani, 14,2 million ayol gumanitar yordamga muhtoj ekani xabar qilingandi.
AQSHdagi Jorjtaun universiteti tadqiqotchilari 188 ta mamlakatdagi ayollar ahvolini o‘rganib chiqib, Afg‘onistonni ayollar uchun dunyodagi eng yomon mamlakat deb topgan.
Keyinroq esa Afg‘onistonda “Tolibon” muvaqqat hukumati ayollar huquqlarini keskin cheklovchi yangi Jinoyat kodeksini rasman qabul qilgan.
Live
Barchasi