“Tolibon” Afg‘onistondagi yana bir yirik shaharni egalladi
Olam
−
15 avgust 2021
13064“Tolibon” harakati jangarilari Afg‘onistonning eng katta beshinchi shahari Jalolobodni egalladi. Bu haqda “Reuters” amaldorlarga tayanib, xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, shahar rahbari uni toliblarga topshirgan. Agentlikning G‘arb havfsizlik xizmatidagi manbasi Jalolobod topshirilganini tasdiqlagan.Afg‘oniston poytaxti Qobul hukumat nazoratida qolayotgan so‘nggi shahar bo‘lib turibdi.
“Jalolobodda jang yo‘q, chunki hokim toliblarlarga taslim bo‘ldi. “Tolibon”ga yon berish tinch aholi hayotini saqlab qolishning yagona yo‘li edi”, degan shaharda bo‘lib turgan afg‘on mansabdori.
Mahalliy deputat Abrorulla Murodning “Associated Press”ga ma’lum qilishicha, oqsoqllar muzokarasidan keyin “Tolibon” shaharga kiritilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda esa toliblar gubernator idorasini egallagani aks etgan videolar tarqalgan.
Shuningdek, "Tolibon" harakati Pokiston bilan chegaradagi Kunar viloyati markazi Asadobod shahrini ham o‘z nazoratiga olgan. Kunar qamoqxonasi ham toliblar qo‘liga o‘tgan.
Jalolobod – Nangarxor viloyatining markazi. Bu shahar Afg‘oniston sharqida, Pokiston bilan chegarada joylashgan. Tolibon 1996 yildan 2001 yilgacha Jalolobod ustidan nazoratni saqlab qolgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 14 avgust kuni Afg‘oniston shimolidagi boshqa bir yirik shahar Mozori-Sharif ham toliblar tomonidan egallandi. Natijada 100 ga yaqin afg‘on harbiysi va qochqinlar O‘zbekistonga qochib o‘tdi.
Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik
Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi.
Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, Italiya, Avstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.
Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.
LiveBarchasi