“Tolibon” Afg‘onistonda poraxo‘rlik va korrupsiyani yo‘q qildi – hisobot

Olam

image

O‘tgan yilning avgust oyida Afg‘onistonda qaytadan hokimiyatga kelgan “Tolibon” harakati o‘tgan davrda mamlakatda korrupsiya va poraxo‘rlikni qariyb yo‘q qilgan. Bu haqda Devid Mensfild va AlcisGeo’ning XCEPT Research uchun tayyorlagan hisobotida aytilgan.

Hisobotda aytilishicha, AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Respublika hukumati davrida yo‘llarda o‘rnatilgan va avtomobillardan pora olish bilan shug‘ullangan punktlar yo‘q qilingan. Ularning soni chegaradagi nazorat nuqtalarini inobatga olmaganda 92 tani tashkil qilgan.

“Tolibon” davriga kelib, faqatgina chegarada boj undirish boshlangan, yo‘llardagi nazorat nuqtalari soni 13 taga qisqartirilib, ularda pora olish to‘xtatilgan.

Hisobotga ilova qilingan xaritada avvallari yo‘llarda avtomobillar to‘xtatilib, pora olingan nuqtalar ko‘rsatilgan. Boshqa bir xaritada esa hozirgi vaziyat aks etgan. Unga ko‘ra, avtomobillar faqatgina ba’zi nuqtalarda to‘xtatiladi va rasmiy to‘lovlar undiriladi.

O‘rganish natijasiga ko‘ra, kontrabanda yo‘llari yopilib, rasmiy kanallar orqali savdo qilish tiklangani aytiladi.

Hisobotda eksport va import uchun soliqlar kamaytirilgani ko‘rsatilgan. Avvalgi ma’muriyat import uchun rasmiy soliqlardan 1 mlrd 500 mln dollar va yo‘llardagi blokpostlar orqali 631 mln dollar daromad ko‘rgan. Toliblar davriga kelib rasmiy soliqlar 973 mln dollarni tashkil qilgan holda yo‘llarda noqonuniy pul undirish to‘xtatilgani aytilmoqda.

“Tolibon” e’lon qilgan Islom Amirligi davriga kelib Markaziy Osiyo davlatlari va Eron bilan savdo biroz pasaygan, Pokiston bilan esa o‘sish kuzatilgan. Bojxonada undirilgan yillik foyda:

•    Pokiston bilan savdodan foyda 420 mln dollardan 430 mln dollarga yetgan;

•    Eron bilan savdo 520 mln dollardan 330 mln dollarga tushib ketgan;

•    O‘zbekiston bilan savdodan tushadigan foyda 390 mln dollardan 250 mln dollargacha qisqargan;

•    Turkmaniston bilan savdo 310 mln dollardan 60 mln dollargacha tushgan.

Hisobotda Afg‘onistonda korrupsiyaga qarshi kurash sabab ma’muriy lavozimlarni egallash iqtisodiy tomondan manfaatsiz bo‘lib qolgani ta’kidlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tolibon

Baholaganlar

235

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing