“Tolibon” Afg‘onistonda boshi berk ko‘chaga kirib qolgani aytildi

Olam

image
0:00
0:00
download

“Tolibon” harakati rahbariyati Afg‘onistondagi hozirgi “boshi berk ko‘chadan” siyosiy yo‘l bilan chiqish kerakligini tushunadi va murosaga tayyor. Bu haqda kecha, 20 iyul kuni Rossiya Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov aytib o‘tdi.

“Yigirma yildan ziyod vaqt mobaynida rahbariyatning asosiy qismi, albatta, urushdan yetarlicha “yeb-ichdi” va hozirgi boshi berk vaziyatda siyosiy yechimlarni izlash zarurligini tushunadi. Men buni nafaqat so‘zlarda, balki , shuningdek, turli xil shakllarda ifoda etilgan niyatlarda ham ko‘rmoqdaman. Ularning siyosiy kelishuvga tayyor ekanliklari aniq. Ammo, ularning nuqtai nazari bo‘yicha shu narsa ma’lumki, siyosiy kelishuv “Tolibon”ga munosib ravishda taqdim etilishi kerak”, deydi Rossiya Prezidenti maxsus vakili hamda Tashqi ishlar vazirligining ikkinchi Osiyo departamenti direktori Zamir Kabulov “Valday” xalqaro munozara klubida bo‘lib o‘tgan onlayn-munozarada.

Foto:Zamir Kabulov

Kabulovning qo‘shimcha qilishicha, boshqa tomondan, bu harakat bir joyda turib qolgani yo‘q va ularda yangidan-yangi avlod jangarilari yetishib chiqmoqda. 

“Yangi avlodning katta qismi esa hech qachon Ag‘onistonni tinch va ozod ko‘rmagan. Ular o‘zlarining vatanlarini chet el bosqinchilaridan ozod qilish hamda Islomning qadriyatlari uchun kurashayotganiga ishonadi. Ayrim dala qo‘mondonlari boshchiligidagi harakatning bu ehtirosli yosh qismi hozircha tubdan radikal kayfiyatda”, deydi diplomat.

Qayd etish kerakki, Rossiya Prezidentining maxsus vakili “Tolibon” harakati Afg‘onistonni egallab olishi mumkinmi degan savolga quyidagicha javob berdi:

“Agar milliy yarashuv jarayonida haqiqiy harakat bo‘lmasa, Afg‘onistondagi harbiy-siyosiy muvozanat “Tolibon” harakati foydasiga qayta shakllanadi. Va toliblarning mamlakatda hokimiyatni zo‘ravonlik bilan qo‘lga kiritishi juda haqiqiy istiqbolga aylanadi”.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17-18 iyul kunlari Qatar poytaxti Dohada Afg‘onistondan borgan yuqori darajadagi delegatsiya va “Tolibon” vakillarining ikki kunlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Natijada, tomonlar tinchlik muzokaralarini davom ettirish bo‘yicha qisqa bayonot qabul qildi. Biroq o‘q uzishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilmadi.

Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik

Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, ItaliyaAvstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

344

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing