“Tolibon” Afg‘onistonda harbiylari qolayotgan davlatlarga talab qo‘ydi 

Olam

image
0:00
0:00
download

Afg‘onistonning “Tolibon” harakati vakili Suhayl Shohin BBC News’ga barcha chet el qo‘shinlari belgilangan muddatgacha Afg‘onistonni tark etishi kerakligini aytdi.  

“Boshqa mamlakatlardan qolgan kontingentlar bosqinchi sifatida qabul qilinadi”, deya qo‘shimcha qilgan Shohin. 

Ta’kidlanishicha, uning bayonoti Afg‘onistonda aksariyati amerikaliklar bo‘lgan 1000 ga yaqin xorij harbiylari qolishi mumkinligi haqidagi ma’lumot fonida e’lon qilingan. Shohinning ta’kidlashicha, diplomatlar, nodavlat tashkilotlar va boshqa davlatlarning fuqarolari “Tolibon”ning nishoniga aylanmaydi va ular hech qanday himoyaga muhtoj bo‘lmaydi. 

“Biz ularga hech qanday tahdid solmaymiz”, degan u Afg‘oniston ularning faoliyatiga muhtojligini ta’kidlab. 

“The Telegraph” nashrining xabariga ko‘ra, Angliya Afg‘onistonda kichik harbiy kontingentini saqlab qolish niyatida. Qayd etilishicha, bu bo‘yicha hali ham yakuniy qaror qabul qilinmagan. Qarorni bugun, 5 iyul kuni Milliy xavfsizlik kengashining yig‘ilishidan so‘ng Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson qabul qilishi kutilmoqda. 

Ta’kidlanishicha, Britaniya o‘z harbiylarini qoldirgan taqdirda ularning vazifasi afg‘onistonlik hamkasblarini o‘qitish va afg‘on armiyasi saflarida maslahatchi sifatida xizmat qilishdan iborat bo‘ladi. 

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, toliblar ayni paytda mamlakatning 370 ta tumanidan 110 tasini nazorat qilmoqda. 

Ta’kidlanishicha, barcha yirik shahar va qishloqlar Afg‘oniston hukumati nazorati ostida qolsa-da, ammo “Tolibon” harakatining tezligi Vashington va uning NATOdagi ittifoqchilarini xavotirga solmoqda. Tahlilchilar hukumat 6 oydan 12 oygacha vaqt davomida qulashi mumkinligini taxmin qilmoqda. 

Avvalroq, “Tolibon” harakati so‘nggi 24 soat ichida Afg‘onistonning 13 ta hududini o‘z nazorati ostiga olgani haqida xabar bergandik. 

Eslatib o‘tamiz, 3 iyul kuni tunda Afg‘oniston qurolli kuchlarining 300 dan ortiq askari Tog‘li Badaxshon orqali Tojikiston hududiga qochib o‘tgandi. 

Faollashgan "Tolibon"

Qayd etish kerakki, AQSH o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishni boshlagandan beri “Tolibon” keskin harakat qilmoqda. Tasdiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi o‘n kun ichida Afg‘onistonning Tojikiston bilan chegaradosh to‘rt viloyatida hukumat kuchlari va “Tolibon” o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lgan.

Natijada Tahor viloyatining Chaheb, Yangi Kal’a, Darkad, Dashti Qal’a, Xojag‘or tumanlari, Qunduz viloyatining Dashti Archi, Imom Sohib va Qal’ai Zol tumanlari, shuningdek Sherxon-Bandar va Kokul nazorat punktlari “Tolibon” nazorati ostiga o‘tdi. 

So‘nggi kunlarda toliblar bilan janglarda og‘ir zarbaga uchragan afg‘on qo‘shinlarining qo‘shni respublikalar hududiga qochib o‘tish holatlari kuzatildi. Jumladan, joriy yilning 22 iyun kuni 130 dan ortiq afg‘on harbiylari chegaradosh Tojikistonga, 23 iyun kuni esa ularning 53 nafari O‘zbekistonga qochib o‘tgan.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tolibon

Baholaganlar

1214

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing