“Tolibon” 6 viloyatni internetdan uzib qo‘ydi
Olam
−
17 Sentabr 3559 2 daqiqa
Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati so‘nggi 24 soat ichida oltita viloyat aholisining internetdan foydalanishini cheklab qo‘ydi. Bu haqda “Amu tv” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Balx, Qandahor, Hilmand, Hirot, Uruzgon va Nimrozning aholisi internetdan mahrum qilingan va “Afgan telecom” davlat kompaniyasi tomonidan ko‘rsatiladigan optik tolali xizmatlar to‘xtatilgan.
Cheklovlar aholi o‘rtasida xavotir uyg‘otgan, ularning ta’kidlashicha, Qobuldagi internet xizmat ko‘rsatuvchi kompaniya vakillari optik tolali internet taxminan 20 kun oldin to‘xtatilganini aytgan.
Shuningdek, “Tolibon” muvaqqat hukumatining Balxdagi matbuot kotibi taqiq to‘g‘ridan to‘g‘ri “Tolibon” oliy rahbari Haybatulloh Oxundzoda tomonidan berilganligini aytib, bu chora axloqsiz xatti-harakatlarning oldini olish maqsadida ko‘rilganini bildirgan va rasmiy ehtiyojlar uchun muqobil ichki tarmoq yaratilishini ta’kidlagan.
“Hozircha davlat idoralari va ba’zi uylarda internet faolligicha qolmoqda, biroq “Tolibon” rasmiylari yaqin kunlarda ularni ham o‘chirib qo‘yishi mumkinligi haqida ogohlantirgan”, deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 16 sentyabr kuni Afg‘onistonda yuzlab nafaqaxo‘r ayollar Qobuldagi “Tolibon” tomonidan boshqariladigan nafaqa idorasi oldida yig‘ilib, uzoq muddat kechiktirilgan nafaqa pullarini talab qilgan va namoyish o‘tkazgan edi.
Bunyod Keldiboyev
Live
Barchasi