Tokio Olimpiadasida O‘zbekiston bayroqdori kimlar bo‘ladi?

Sport

image

XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimda afsonaviy gimnastikachi Oksana Chusovitina va bokschi Bobousmon Boturov O‘zbekiston delegatsiyasining bayroqdorlari bo‘ladi. Qayd etish joiz, Oksana Chusovitina yozgi Olimpiya o‘yinlarida bayroqdor bo‘lgan dastlabki o‘zbekistonlik ayol sportchi sifatida tarixdan joy olmoqda.

Oksana Chusovitina Barselona-1992 Olimpiya o‘yinlari chempioni, uch karra jahon chempioni, Osiyo o‘yinlari g‘olibi sanaladi. Qatorasiga yetti marta yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan yer yuzidagi yagona ayol gimnastikachi sifatida Ginnesning rekordlari kitobiga kiritilgan. Tokio Olimpiadasidagi ishtiroki sababli mutlaq rekordchiga aylanmoqda. Allaqachon dunyo gimnastikasining afsonasiga aylangan Chusovitina, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi, “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni egasi hisoblanadi. 

Oksana Chusovitinaga boks bo‘yicha Osiyo chempioni, Osiyo o‘yinlari g‘olibi, jahon chempionati sovrindori, “Kelajak bunyodkori” medali sohibi Bobousmon Boturov hamrohlik qiladi

Avvalgi musobaqada Bahodir Jalolov O‘zbekiston bayroqdori bo‘lgan edi. Joriy yilgi ochilish marosimining ssenariysiga ko‘ra, barcha davlatlardan 1 nafardan erkak va ayol sportchilar o‘z mamlakatlari bayrog‘ini olib chiqadi. Bu Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi tomonidan targ‘ib qilinayotgan gender tenglik siyosatining amalda tatbiq etilishi sifatida qaralmoqda. 

Ma’lumot o‘rnida, XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi 23 iyul kuni Toshkent vaqti bilan soat 16:00 da Tokiodagi “Olimpiya” stadionida boshlanadi.


Maqola muallifi

Teglar

MOQ Oksana Chusovitina Bahodir Jalolov Tokio-2020 Bobousmon Boturov

Baholaganlar

374

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing