Tizim rahbariyati kibrli yo‘lni tanladi – Deputat epidemiologik vaziyat uchun SSVni aybladi

Jamiyat

image

Sog‘liqni saqlash vazirligi bir necha oy vaqti bo‘lganiga qaramay koronavirusga qarshi risoladagidek tayyorgarlik ko‘ra olmadi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Yuksalish” umummilliy harakati raisining dasturlar va hamkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, Bobur Bekmurodov shunday fikr bildirdi.

Deputat Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti pandemiyaga qarshi kurashda ko‘proq test o‘tkazish uni yengishda asosiy omil bo‘lishini aytganini eslatib o‘tgan.

“Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dunyo miqyosida COVID-19 pandemiyasini e’lon qilgan paytdayoq, davlatlarga eng muhimi imkon qadar ko‘proq test o‘tkazish, “test-izolyatsiya-davolash” prinsipi asosida ishlashni tavsiya qilgan edi.

O‘zbekistonda davlat rahbari o‘z vaqtida bu borada kerakli topshiriqlarni berdi va mablag‘ ajratildi”, deydi Bobur Bekmurodov.

U SSV tayyorgarlik ko‘rishga vaqti bo‘lganiga qaramay, aholini testdan o‘tkazish tizimini yo‘lga qo‘yolmaganini tanqid qildi.

“Sog‘liqni saqlash vazirligi tayyorgarlik ko‘rishga bir necha oy vaqti bo‘lganligiga qaramay, aholiga malakali maslahat berish yoki davolash tizimini yaxshilash u yoqda tursin, hattoki aholini testdan o‘tkazish tizimini yo‘lga qo‘ya olmadi. Tibbiyot tizimi rahbariyati fikrimcha “hammasi yaxshi, bemalol nazoratga olamiz, eplaymiz” degan kibrli yo‘lni tanladi. Afsus”, deydi deputat.

Darhaqiqat, SSV test o‘tkazish tizimini tashkil qila olmadi. Mamlakatda epidemiologik vaziyat birmuncha barqaror bo‘lib turgan vaqtlarda aholini to‘lig‘icha koronavirusga tekshirish payida bo‘linmadi. Antitana testlari ham o‘tkazilmadi. Endi esa kasallik tarqalishi tobora avj olib boryapti. Buning natijasida mamlakat qat’iy karantinga qaytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda Bobur Bekmurodov

Baholaganlar

627

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing