TIV Vatanga qaytishni istamagan o‘zbekistonliklar fuqarolikdan chiqarilishi haqidagi xabarga izoh berdi
Jamiyat
−
08 aprel 2020
21938Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Prezidenti 31 mart kuni yig‘ilish o‘tkazgani va barcha fuqarolarni 10 aprelga qadar Vatanga qaytarish to‘g‘risida farmon imzolagani, Vatanga qaytishni istamaganlar O‘zbekiston fuqaroligidan mahrum qilinishi haqida xabarlar tarqalmoqda. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mazkur xabar yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, TIVga, chet eldagi, ayniqsa qo‘shni mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalarga ham shu mavzuda ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.
“Davlatimiz rahbari, Hukumat, Respublika maxsus komissiyasi tomonidan fuqarolarimizning kundalik hayoti bilan bog‘liq barcha muhim siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha qabul qilingan qarorlar jamoatchilikka rasmiy axborot resurslari orqali yetkaziladi. Ushbu xabar esa hech bir rasmiy manbalarda e’lon qilinmagani sababli haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qilamiz.
Fuqarolarimizdan asossiz xabarlarni tarqatmasliklarini, ijtimoiy tarmoqlardagi biror ma’lumotni bo‘lishishdan oldin uni rasmiy manbalar orqali tekshirib ko‘rishlarini so‘raymiz”, deyiladi TIV xabarida.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasining keng miqyosda tarqalib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan 30 mart soat 00:01 dan 20 aprel 00:01 ga qadar O‘zbekistondagi mavjud barcha aeroportlar yopildi va aviaqatnovlar butunlay to‘xtatildi. Hozirda mahalliy va xalqaro aeroportlar butkul yopildi. Aeroport ishchi-xodimlariga vaqtincha ta’til berilgan. Favqulodda yoki boshqa maxsus hollardagina ulardan foydalanish mumkin.
LiveBarchasi