TIV Singapurga ketayotgan o‘zbekistonliklarga eslatma bilan chiqdi
Jamiyat
−
17 Oktabr 2019
4627O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Singapur Respublikasiga borayotgan o‘zbekistonliklarga eslatma bilan chiqdi.
Singapur Respublikasidagi elchixonaning mazkur mamlakat TIVga tayangan holda ma’lum qilishicha, Singapur Immigratsiya va nazorat-o‘tish punktlari xizmati 2019 yil 14 avgustdan boshlab Singapurga kirishni qayd etish (SG Arrival Card) elektron xizmatining tajriba versiyasini sinovdan o‘tkazmoqda.
Mazkur dastur Singapurga kelayotgan shaxslar tomonidan mamlakatga kelishlaridan avval o‘zlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim qilishi bilan bog‘liq jarayonni tezlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan. Dastur bosqichma-bosqich 2021 yilgacha amaldagi hujjatlarni qog‘oz shaklida to‘ldirish tizimi o‘rnini egallaydi.
Singapurga borishni rejalashtirayotgan chet el fuqarolari barcha mavjud elektron platformalar orqali mamlakatga kelishidan oldin 14 kun ichida zarur shaklni to‘ldirishi mumkin. Dastur xizmatlaridan foydalanish tekin, ammo viza tizimi o‘rnatilgan davlatlarning fuqarolari uchun viza olish bilan bog‘liq jarayonni bekor qilmaydi.
Hozirda mazkur qulaylikdan Singapurga faqatgina havo transporti vositasida keluvchi shaxslar foydalanishi mumkin.
TIV Konsullik-huquqiy departamenti Singapur, Avstraliya va Yangi Zelandiya hududida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari zarur hollarda mamlakatning Singapurdagi elchixonasiga +65 6734 3942 telefon raqami orqali murojaat qilishi mumkinligini eslatib o‘tdi.
LiveBarchasi