TIV Ukrainadagi urush maydonida qolgan talabalarni evakuatsiya qilish bo‘yicha bayonot berdi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

O‘zbekistonning Ukrainadagi Elchixonasi vaziyat qay darajada murakkab bo‘lishidan qat’i nazar ushbu mamlakatda bo‘lib turgan vatandoshlarni evakuatsiya qilishni tashkil etish bo‘yicha kuchaytirilgan tartibda ishlamoqda. Bu haqda TIV rasmiy vakili ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, diplomatik missiya vakillari o‘zbekistonliklar bilan doimiy aloqa o‘rnatib, yuzaga kelayotgan masalalarni tezkorlik bilan hal etib kelmoqda. Xarkovda bo‘lib turgan Elchixona mas’ul xodimi o‘zbekistonlik talabalar bilan bevosita muloqotda bo‘lib, ularning barcha masalalarini hal etmoqda.

“Elchixona hamda Ukrainadagi diasporamiz vakillari ko‘magida Xarkov va Zaporoje shaharlarida bo‘lib turgan o‘zbekistonlik talabalar uch mahal ovqat bilan ta’minlanmoqda. Shu bilan birga, Zaporoje milliy universiteti rahbariyati ham talabalarga har tomonlama yordam berishga tayyorligini bildirdi”, deyiladi rasmiy xabarda.

Bundan tashqari, Xerson, Xmelnitskiy, Dnepr va Odessa shaharlarida tahsil olayotgan talabalar masalalari diaspora ko‘magida hal etilayotgani ta’kidlangan.

“Ayni paytda Ukraina shaharlari o‘rtasidagi avtomobil va temir yo‘l aloqalari butunlay faoliyatini to‘xtatgan. Bunday sharoitda Ukrainaning sharqiy va markaziy viloyatlaridan vatandoshlarni Polsha bilan chegaradosh Lvov shahriga xavfsiz yetkazishni tashkil etishning vaqtincha iloji bo‘lmayapti.

Ammo mana shu kabi jiddiy xavf-xatarlar bo‘lishiga qaramay, bir guruh talabalar ularni zudlik bilan evakuatsiya qilishni talab etmoqda.

Shu munosabat bilan Ukrainadagi vatandoshlarimizga vahimaga tushmaslik, yolg‘on ma’lumotlarni tarqatmaslik va Elchixonaning xavfsizlik bo‘yicha umumiy ko‘rsatmalariga amal qilishlarini qat’iy tavsiya etamiz”, deyiladi TIV vakilining bayonotida.

Shu bilan birga, qayd etilishicha, Elchixona yaqin kunlarda O‘zbekiston fuqarolarini Ukrainadan xavfsiz olib chiqish uchun barcha zarur choralarni ko‘rmoqda.

Avvalroq, ayni vaqtda Rossiyaning qurolli hujumlari ostida qolayotgan Ukrainada minglab o‘zbekistonlik migrantlar, talabalar va davolanishga borgan fuqarolar borligi haqida xabar bergan edik. O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi ro‘yxatga olgan o‘zbekistonliklarning rasmiy soni 4300 nafarni tashkil etmoqda.

QALAMPIR.UZ tahririyati bilan bog‘langan Ukrainadagi talabalar Xarkovdan Polsha chegarasiga borish imkonsiz ekanini ma’lum qilgandi va shaharda vaziyat tobora og‘irlashayotganini aytgandi.

Ukrainaning Xarkov shahrida qolib ketgan talabalar bilan intervyuni QALAMPIR.UZ'ning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

TIV

Baholaganlar

74

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing