TIV Xitoyga bormoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklarni ogohlantirdi
Jamiyat
−
25 yanvar 2020
4635O‘zbekistonning Xitoydagi Elchixonasi va Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasi taqdim etgan ma’lumotda qayd etilishicha, 2020 yil 25 yanvar holatiga ko‘ra, koronavirusli pnevmoniyadan vafot etganlar soni 41 nafarga, kasallanganlar esa 1287 nafarga yetdi. Yana 1965 kishi kasallangan degan gumon bilan shifokorlar nazoratida. Ular orasida O‘zbekiston fuqarolari qayd etilmagan.
Ushbu virusning yanada tarqalishini oldini olish maqsadida Xubey provinsiyasining Uxan shahri va boshqa 12 ta shahari karantin uchun yopildi. Mahalliy hokimiyat gavjum joylarda virus yuqishi xavfining yuqoriligini inobatga olib, sanitariya tadbirlari davomida tashqariga chiqmaslikni maslahat bermoqda.
“Karantin e’lon qilinishi munosabati bilan tegishli hokimiyat organlari Xitoyda akkreditatsiya qilingan xorijiy mamlakatlarning barcha diplomatik vakolatxonalariga chet el fuqarolarini karantin e’lon qilingan shaharlardan evakuatsiya qilish bo‘yicha rad javobini bermoqda. Karantin kiritilganidan so‘ng, boshqa davlatning elchixonalari o‘z fuqarolarini evakuatsiya qilgani to‘g‘risidagi xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, O‘zbekiston TIV bergan ma’lumotda.
Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning Xitoydagi diplomatik vakolatxonalari vaziyatni nazoratga olgan hamda barcha masalalarni, jumladan, zarurat tug‘ilganda O‘zbekiston fuqarolarini evakuatsiya qilish masalarini hal qilish uchun tegishli hokimiyat organlari bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi.
Elchixona va Bosh konsulxona vakillari O‘zbekiston fuqarolari bilan doimiy muloqot o‘rnatgani aytilmoqda. Jumladan, “WeChat” ijtimoiy tarmog‘ida “Uxan 2020 O‘zbekiston” va “Uzbeks in Wuhan” guruhlari ishlab turibdi.
Ayni paytda mazkur vaziyatni monotiring qilish va virusning O‘zbekiston hududida tarqalishining oldini olish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish uchun O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osiyishtalik agentligi qoshida shtab tashkil etildi. Xavfli hududlardan keladigan barcha fuqarolar kuzatuvga olinadi.
Yuqoridagilarni inobatga olib TIV Xitoy hududidagi O‘zbekiston fuqarolariga zarur holatlarda istalgan vaqtda mamlakatning Pekin shahridagi Elchixonasiga (telefon: +86 135-1102-4242 Bobur Yaxyayev, +86 139 1175-4476 Shuhrat Umirov) hamda Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasiga (telefon: +86 131-2255-5772, Aziz Ulug‘bekov) murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tadi.
LiveBarchasi