“Titanik” cho‘kkan joyda yo‘qolgan suvosti kemasida kislorod tugadi – OAV
Olam
−
22 iyun 2023
17741To‘rt kun avval, 18 iyun kuni Atlantika okeanining mashhur “Titanik” kemasi cho‘kkan joyiga ekspeditsiya uyushtirgan sayyohlik suvosti kemasi g‘oyib bo‘lgani edi. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, yo‘qolgan batiskafdagi kislorod zaxirasi tugagan bo‘lishi mumkin.
OAV berayotgan xabarlarga ko‘ra, Atlantika okeanida yo‘qolgan batiskafdagi kislorod zaxiralari Toshkent vaqti bilan soat 16:08 da tugagan. Hozirda batiskafni qidirishning beshinchi kuni davom etmoqda. Biroq haligacha uning izi topilmagan.
“Titanik”ning 3800 metr chuqurlikda yotgan cho‘kmasiga suvosti ekspeditsiyasi uyushtirgan batiskafning hamroh kema bilan aloqasi joriy yil 18 iyun kuni sho‘ng‘ish boshlanganidan 1 soat 45 daqiqa o‘tib yo‘qolib qolgan.
Uning bortida besh kishi, jumladan, 3 nafar sayyoh borligi ma’lum. Ekspeditsiya uchun sayyohlarning har biridan 250 ming dollardan olingan.
Ekspeditsiya tashkilotchisi OceanGate Expeditions suvosti kemasi bortidagi odamlar bilan birga yo‘qolganini tasdiqlagan.
Kompaniyaning aniqlik kiritishicha, kema ekipajning taxminan 96 soat davomida nafas olishini ta’minlashi mumkin. “Reuters”ga ko‘ra, kislorod ballonlaridagi zaxira bugun ertalab tugagan bo‘lishi mumkin. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, kislorod iste’mol qilish vaqti kemada energiya mavjudligi, shuningdek, bortda bo‘lganlarning holati kabi omillarga bog‘liq — agar “Titan” hali ham ishdan chiqmagan bo‘lsa.
Shuningdek, agar suv osti kemasi suv yuzasiga qaytishga muvaffaq bo‘lganida, uni ochiq dengizda aniqlash qiyin bo‘lar edi hamda ichkarida bo‘lganlar yordamsiz chiqib ketolmasdi.
Agar “Titan” okean tubida bo‘lsa, qutqaruvchilar bunday chuqurlikda katta bosimga duch kelishlari kerak. Titanik mutaxassisi Tim Maltinning fikricha, dengiz tubida qutqaruv operatsiyasini amalga oshirish deyarli imkonsiz.
“Sky News” telekanalining xabar berishicha, bortda OceanGate Expeditions asoschisi Stokton Rush, fransuz akvanavti Pol-Anri Narjole bor. Anri Narjole “Titanik”ga qilingan bir nechta ekspeditsiyalarni boshqargan va halokat joyidan qadimiy topilmalarni olib chiqishga rahbarlik qilgan. Birlashgan Arab Amirliklarida yashovchi taniqli britaniyalik milliarder Hamish Xarding ham ekipaj a’zolari orasida bor. U samolyot uskunalarini sotish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha Action Aviation kompaniyasiga egalik qiladi.
Shuningdek, yo‘qolgan batiskafda Buyuk Britaniyada yashovchi 48 yoshli pokistonlik tadbirkor Shahzoda Dovud va uning 19 yoshli o‘g‘li Sulaymon ham borligi ma’lum qilingan.
Ma’lumot uchun, “Titan”ning o‘lchami taxminan mikroavtobus kattaligiga teng – uzunligi 6,7 metr. Shu bilan birga batiskaf 20 ming kvadrat/kilometr maydon bo‘ylab qidirilmoqda. Bu deyarli Jizzax viloyatining kattaligiga teng degani.
LiveBarchasi