Tinch okeandagi orol davlatga O‘zbekistonning ilk elchisi yuborildi (video)
Jamiyat
−
11 avgust 8030 3 daqiqa
Tinch okeanning janubi-g‘arbiy qismida joylashgan Fiji Respublikasidagi O‘zbekistonning ilk elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov ushbu mamlakat Prezidenti Ratu Naykama Tavakekolati Lalabalavuga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Rasmiy tadbirlardan so‘ng bo‘lib o‘tgan suhbatda O‘zbekiston va Fiji o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ta’lim va turizm kabi yo‘nalishlardagi aloqalarning hozirgi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Prezident Naykama Lalabalavu ikki mamlakat geografik jihatdan uzoqda joylashgan bo‘lsa-da, ularni o‘zaro hurmat, konstruktiv muloqot va umumiy qadriyatlarga asoslangan do‘stona aloqalar bog‘lab turishini ta’kidladi.
Fiji yetakchisi, shuningdek, O‘zbekiston muhim strategik mintaqada joylashgani, boy tabiiy resurslari hamda yuqori salohiyatli inson kapitali mavjudligini e’tirof etish barobarida, so‘nggi yillarda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan mintaqada tinchlik va barqaror rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan konstruktiv va proaktiv tashqi siyosatni yuksak baholadi.
Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi diplomatik aloqalar tarixida ilk marotaba O‘zbekistonning Fijidagi elchisining tayinlanishi Fiji tomoni uchun ham muhim tarixiy voqeaga aylangani qayd etildi. Shu munosabat bilan Fiji bilan ikki va ko‘p tomonlama aloqalarni rivojlantirishga e’tibor qaratgani uchun O‘zbekiston Prezidentiga alohida minnatdorlik bildirildi.
Uchrashuv yakunida Fiji Prezidenti O‘zbekiston Prezidentiga chuqur hurmat va samimiy salomlarini yo‘lladi hamda o‘zbek xalqiga tinchlik va farovonlik tiladi.
Muhsinxo‘ja Abdurahmonov 1974 yil Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. U AQSHning Chiko shahridagi Kaliforniya davlat universiteti hamda Yaponiyaning Otaru kommersiya universitetini bitirgan.
Shuningdek, Muhsinxo‘ja Abdurahmonov 2004-2008 yillarda Yaponiyaning Xokkaydo universitetida doktorlik dissertatsiyani himoya qilgan.
U 2004–2006 yillarda “Coca Cola Ichimligi O’zbekiston” kompaniyasida menejer lavozimida, 2008–2018 yillarda esa “MTRUSTCo. Ltd”ning (Yaponiya) bosh direktori bo‘lib ishlagan. Shundan so‘ng, 2018–2021 yillarda Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari – investitsiya va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i sifatida faoliyat olib borgan.
U rus, tojik, ingliz, yapon va arab tillarini biladi. Elchi Abdurahmonovning qarorgohi Tokio shahrida joylashgan. Sababi u 2021 yilda O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchisi etib tayinlangandi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Fiji o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 2010 yil 16 iyun kuni o‘rnatilgan. Mamlakat aholisining qariyb 87 foizi ikki yirik orolda – Viti-Levu va Vanua-Levuda yashaydi. Fiji orollarining aksariyati taxminan 150 million yil avval boshlangan vulqon faolligi natijasida shakllangan. Ba’zi geotermal faollik bugungi kunda ham Vanua-Levu va Taveuni orollarida sodir bo‘lmoqda. Fiji o‘rmon, mineral va baliq resurslari bilan Tinch okeanidagi eng rivojlangan iqtisodlaridan biriga ega. Valyuta Fiji dollari bo‘lib, valyutaning asosiy manbalari turistik sanoat, chet elda ishlaydigan fijiliklarning pul o‘tkazmalari, shisha suv eksporti va shakarqamishdir.
Live
Barchasi