O‘zbekiston elchisi Erdo‘g‘anga ishonch yorlig‘ini topshirdi (video)
Olam
−
09 iyul 3414 2 daqiqa
O‘zbekistonning yangi tayinlangan Favqulodda va muxtor elchisi Ilhom Haydarov Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Rasmiy marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi chuqurlashtirilgan keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarining bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlari o‘rtasida samimiy va do‘stona munosabatlar qaror topgani alohida ta’kidlandi. Yil oxiriga qadar rejalashtirilgan oliy va yuqori darajadagi tadbirlarga e’tibor qaratildi.
O‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni, iqtisodiy diplomatiyani yanada rivojlantirish uchun yuqori salohiyat mavjudligi, yaqin yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard dollarga yetkazishning muhimligi qayd etildi.
Turkiya Prezidenti O‘zbekiston elchisiga o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash yo‘lidagi mas’uliyatli faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi hamda diplomatning o‘z vazifalarini ado etishida barcha davlat tashkilotlari yaqindan ko‘mak berishini qayd etdi.
Ma’lumot uchun, Ilhom Haydarov Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi etib saylangan Alisher A’zamxo‘jayev o‘rniga tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning Favqulodda va muxtor elchisi (qarorgohi Budapesht shahrida joylashgan) Oybek Shaxavdinov Serbiya Tashqi ishlar vazirligi diplomatik protokol rahbari Branko Radovanovichga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirgandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr