TikTok pul uchun Qur’onni tahqirlagan blogerning akkauntini chekladi

Olam

image

Mashhur ijtimoiy media platformasi TikTok Shvetsiyada pul ishlash uchun Qur’oni Karimga qilgan hujumlari bilan tanilgan iroqlik Salvan Momikaning akkauntidagi monetizatsiya funksiyasini yopib qo‘ydi. Bu haqda “Anadolu” agentligi xabar berdi.

Shvetsiya ham o‘z bayonotida TikTok rasmiylarining ushbu qarorini tasdiqladi. 

Gap shundaki, Momika 20 iyul kuni Stokgolmdagi Iroq elchixonasida va 31 iyulda Shvetsiya parlamenti oldida Qur’on va Iroq bayrog‘ini oyoq osti qilgan edi. Xatti-harakatlarini davom ettirgan tiktoker 25, 26, 27 va 29 avgust kunlari ham Stokgolmning turli joylarida Qur’onni yoqqan. Momikaning bunday harakatlariga javoban esa platforma uning akkauntida pul ishlash funksiyasini o‘chirib qo‘ydi.

Mamlakat rasmiy axborot agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, Momikaning TikTok`da jonli efirga uzatilgan Qur’onga hujum qilingan videolari milliondan ortiq ko‘rilgan. Uning o‘zi esa 1 soat davom etgan ushbu efir vaqtida 100 dollardan 300 dollargacha daromad olgani qayd etilgan. Shuningdek, Momikaning so‘zlariga ko‘ra, uning bundan boshqa daromad manbai ham yo‘q.

Ma’lumot uchun, Momika 2021 yilda boshpana izlovchilar uyida eritreyalik odamni pichoq bilan qo‘rqitgani uchun sudlangan va jamoat joyida 80 soat bepul ishlashga mahkum qilingan. Shuningdek, jabrlanuvchiga ming dollar tovon puli to‘lanishi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, Iroq hukumati Stokgolmda Qur’onga qilingan hujumlar tufayli Shvetsiya elchisi Jessika Svardstryomga mamlakatni tark etishi kerakligini bildirgan.
 


Maqola muallifi

Teglar

bloger Qur'on TikTok

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing