Tixanovskaya Kanadadan Lukashenko rejimiga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishni so‘radi

Olam

image
0:00
0:00
download

Kanada poytaxti Ottavada rasmiy tashrif bilan bo‘lgan Belarus muxolifati yetakchisi Svetlana Tixanovskaya kecha, 21 noyabr kuni Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudodan Aleksandr Lukashenkoning Kremlga yaqin rejimiga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishni so‘radi. 

Kanada allaqachon Lukashenko rejimining 60 dan ortiq a’zolari, Belarus oligarxlari va boshqalarga Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga aloqadorligi uchun sanksiya kiritgan. 

Biroq, Tixanovskayaning aytishicha, Ottava rejim rasmiylariga bu choralardan qochish imkonini beruvchi “bo‘shliqlar”ni yopishi kerak. 

Tryudo bilan muzokaralar oldidan jurnalistlarga bergan intervyusida Tixanovskaya, shuningdek, Belarus fuqarolik jamiyati, jumladan, mustaqil jurnalistlar, shuningdek, hozirda kamida 1400 kishini tashkil etuvchi siyosiy mahbuslar va ularning qarindoshlariga ko‘proq yordam so‘rashini aytdi. 

“Men Kanadadan mustaqilligimizni qo‘llab-quvvatlash uchun ovoz chiqarib, qadam tashlashni so‘rayman. Bugungi kunda Belarusning mavjudligi tahdid ostida. Men Kanadadan Yevropa Ittifoqi, AQSH va Buyuk Britaniya tomonida qolishni va Belarus uchun qo‘shma strategiya ishlab chiqishni so‘rayman. Biz Belarusni Rossiya tomonidan yutib yuborilishining oldini olishimiz kerak”, deydi Tixonovskaya. 

Uning ta’kidlashicha, demokratik qadriyatlar uchun kurashayotgan belarusliklarni qo‘llab-quvvatlash juda muhim. 

"Odamlar o‘zlarini tashlab ketishganini, unutilganini ko‘rganlarida, ular bu energiya, motivatsiyasini yo‘qotadilar", deb tushuntirdi u. 

Tixanovskaya G‘arbda soxta deb topilgan 2020 yilgi prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonganini da’vo qilganidan keyin Lukashenko tomonidan shafqatsiz repressiyalarga duchor bo‘lib, xorijga qochib, quvg‘inda yashaydi. 

Dam olish kunlarida u Kanada Mudofaa vaziri Anita Anand bilan uchrashib, Ukraina uchun Rossiyaga qarshi jang qilayotgan 500 ga yaqin belaruslik askarga jihozlar so‘radi. 

"Ularga birinchi tibbiy yordam to‘plami, issiq kiyim, kelgusi qishdan o‘tishga yordam beradigan oddiy narsalar kerak", deydi u. 

Ottava yaqinda Ukrainaning harbiy ehtiyojlari uchun 370 million dollar ajratdi, bu esa Kiyev oldidagi majburiyatini ikki barobar oshirdi. 

Moskva Belarusdan qo‘shni Ukraina bilan urush uchun asosiy maydon sifatida foydalangan. Rossiya qo‘shma ishchi guruhi tarkibida o‘zining yaqin ittifoqchisiga minglab askarlarini joylashtirdi. 

Tixanovskaya yaqinda o‘tkazilgan so‘rovga ishora qildi, uning so‘zlariga ko‘ra, belarusliklarning 86 foizi milliy armiyaning mojaroda ishtirok etishiga keskin qarshi. 


Maqola muallifi

Teglar

Svetlana Tixanovskaya

Baholaganlar

32

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing