Tixanovskaya erining qamoqda o‘lgani haqida anonim xabar olganini bildirdi

Olam

image

Belarus muxolifati yetakchisi Svetlana Tixanovskayaning aytishicha, unga muxolifatchi eri hibsda vafot etgani haqida anonim xabar kelgan. 

Mashhur blogger va muxolifat faoli Sergey Tixanovskiy 2020 yilda prezidentlikka nomzodini qo‘yish va avtoritar yetakchi Aleksandr Lukashenko bilan raqobatlashish rejalarini e’lon qilganidan keyin hibsga olingan edi. 

Eri hibsga olinganidan so‘ng, Svetlana Tixanovskaya uning o‘rniga o‘z nomzodini ilgari surdi. 

Rasmiy saylov natijalariga ko‘ra, Lukashenko oltinchi muddatga qayta saylangan, biroq muxolifat va G‘arb saylovlarni soxtalashtirilgan deb ta’riflagan. 

Saylovlardan keyin sodir bo‘lgan misli ko‘rilmagan norozilik namoyishlari fonida Tixanovskaya hukumat bosimi ostida mamlakatni tark etdi. Keyinroq uning turmush o‘rtog‘i tartibsizliklar uyushtirganlikda ayblanib, 19 yarim yilga qamalgan. 

Tixanovskaya kecha, 4 iyul kuni “Associated Press” agentligiga mart oyining boshidan beri eridan hech qanday xabar yo‘qligini aytdi. 

“Men u haqida hech narsa bilmayman. Men birorta ham xat olmadim va uning advokati orqali hech qanday aloqa bo‘lmadi”, deydi Tixanovskaya “Associated Press” savollariga yozma javoblarida. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, unda anonim xabarning haqiqat ekanligiga dalil yo‘q, lekin rasmiylardan “Sergeyning tirik ekanligiga dalil keltirishini va unga ko‘rsatishni” talab qilgan. 

Belarus rasmiylari vaziyatga izoh bermadi.

“Vesna” Belarus inson huquqlari tashkilotining bildirishicha, hozirda mamlakatda 1500 ga yaqin siyosiy mahbus bor.

Ma’lumot uchun, 2020 yil 9 avgust kuni Belarusda bo‘lib o‘tgan, Lukashenko oltinchi bor g‘alaba qozongan prezidentlik saylovlaridan so‘ng mamlakatda muxolifatning ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan. Muxolifat Tixanovskayani prezidentlik saylovlarida g‘olib deb hisoblagan. Biroq unga qarshi qator jinoiy ishlar ochilgan va u terrorchilik faoliyatiga aloqador shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan. Joriy yilning mart oyida esa Minsk shahar sudi Svetlana Tixanovskayani sirtdan 15 yillik qamoq jazosiga hukm qilgan. Tergov unga bir vaqtning o‘zida o‘nta ayblov qo‘ydi: unvon va hokimiyatni ruxsatsiz tortib olish, milliy xavfsizlikka qarshi harakatlarda xorijiy davlatga yordam berish, hokimiyatni egallab olish uchun fitna uyushtirish, nafrat uyg‘otish, ekstremistik tuzilma yaratish, MSK ishiga to‘sqinlik qilish va boshqalar.


Maqola muallifi

Teglar

Belarus' Svetlana Tixanovskaya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing