Lukashenkoning ashaddiy dushmani Svetlana Tixanovskayaning eri 18 yilga qamaldi

Olam

image

Belarusda Aleksandr Lukashenkoga qarshi ommaviy norozilik namoyishlarini uyushtirgan muxolifat yetakchisi 18 yilga qamaldi. Mahalliy matbuotga ko‘ra, 2020 yilgi prezidentlik saylovida muxolifat o‘laroq o‘z nomzodini qo‘ygan Aleksadr Tixanovskiy umrining 18 yilini qattiq tartibli qo‘riqlanadigan qamoqxonada o‘tkazadi.

"Sovetskaya Belarus" davlat gazetasining xabar berishicha, Tixanovskiy bilan birga sudlangan yana besh muxolifatchi 14 yildan 16 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilingan. Ular orasida 14 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan faxriy muxolif siyosatchi Mikola Statkevich ham bor.

Aleksandr Tixanovskiyning xotini Svetlana Tixanovskaya kecha, 14 dekabr kuni BBC nashriga bergan intervyusida sud chiqargan yakuniy qarorning adolatli ekaniga shubhasi borligini bildirgan. U, sud chiqargan qarorni Lukashenkoning “shaxsiy qasosi” deya atagan.

2020 yilgi saylovlarda eri hibsga olinganidan so‘ng, Svetlana erining Lukashenkoga qarshi harakatlarini davom ettirib, saylovda unga qarshi nomzod sifatida ishtirok etgandi. Tixanovskaya saylovda katta farq bilan Lukashenko ustidan g‘alaba qozonganini ta’kidlaydi. Unga ko‘ra, saylov komissiyasi ovozlarni soxtalashtirish asnosida Lukashenkoning g‘alabasini e’lon qilgan.

Tixanovskaya 2020 yil avgust oyida hukumat tomonidan bo‘ladigan bosimlardan qo‘rqib, mamlakatni tark etgan. Hozirda u Litvadan boshpana topgan.

"Yopiq mahkamalarda siyosiy mahbuslarni yashirar ekan, u qatag‘onlarni jimgina davom ettirishga umid qilmoqda. Ammo butun dunyo kuzatib turibdi. Biz to‘xtamaymiz", deya tvit qoldirdi Svetlana o‘z sahifasida.

Asli kasbi o‘qituvchi bo‘lgan 39 yoshli Tixanovskaya, Belarusda siyosiy kurashga kirib, demokratiya tarafdori bo‘lgunga qadar oddiy uy bekasi edi. 

Uning eri, mashhur YouTube blogeri, 43 yoshli Tixanovskiy yopiq eshiklar ortida bir necha oy davom etgan sud jarayonidan so‘ng ommaviy tartibsizliklarni uyushtirganlik, xalqda siyosatga nisbatan nafrat qo‘zg‘atish va boshqa jinoyatlarda aybdor deb topilgan.

Tixanovskiy hozirda Belarus qamoqxonalarida saqlanayotgani taxmin qilingan yuzlab siyosiy mahbuslardan biridir. Ular orasida norozilik namoyishi tashkilotchisi Mariya Kolesnikova ham bor. U sentyabr oyida hokimiyatni egallashga uringanlikda aybdor deb topilib, 11 yilga qamalgandi.

Yana bir muxolifat yetakchisi va sobiq bankir Viktor Babariko iyul oyida firibgarlikda ayblanib, 14 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoga ko‘ra, qamoqqa olinganlar hech qanday siyosiy mahbuslar emas. Ular Belarus qonunlarini buzganlari uchun javobgarlikka tortilgan.

Lukanshenko, Kolosnikovani G‘arbning josusi deb atab, u qonunni buzgani uchun qamalganini ta’kidlagan.  

Eslatib o‘tamiz, amaldagi Prezident Aleksandr Lukashenko 1994 yildan buyon mamlakatni boshqarib keladi. 2020 yil iyul oyidan boshlab hukumatga qarshi xalq Minsk ko‘chalarida namoyishga chiqa boshlagan. Saylov natijalari e’lon qilinganda esa undan nozori bo‘lgan Belarus xalqi bir necha hafta davomida norozilik namoyishlarini o‘tkazgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Lukashenko Svetlana Tixanovskaya Belarus

Baholaganlar

185

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing