Tibbiyot OTMlarida ayrim talabalar stipendiyasiga ustama to‘lanadi
Jamiyat
−
07 aprel 2020
7192Tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida chet tilini bilgan talabalar stipendiyasiga qo‘shimcha ustama to‘lanadi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining “Tibbiy-sanitariya sohasida kadrlarni tayyorlash va uzluksiz kasbiy rivojlantirishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.
Kelgusi o‘quv yilidan boshlab yosh kadrlarning xorijiy adabiyotlardan keng foydalanishini rag‘batlantirish maqsadida chet tili (ingliz, nemis, fransuz tillari)ni bilish darajasi to‘g‘risidagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan tibbiyot oliy ta’lim muassasalari talabalari stipendiyasiga (mutaxassislik fanlarni 3 bahoga o‘zlashtiradiganlardan tashqari) Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha ravishda ustama to‘lanadi.
Unga muvofiq, xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar (Buyuk Britaniya konsalting kompaniya – Quacquarelli Symonds, Buyuk Britaniya nashriyoti – Times Nigher Education, Szyaotun Shanxay universiteti – Academic Ranking of World Universities) reytingida tibbiyot yo‘nalishida birinchi 200 o‘rinni egallagan oliy ta’lim muassasalarida klinik ordinatura (rezidentura) va magistratura mutaxassisligini tamomlagan: davlat tibbiyot muassasalari xodimlari lavozim maoshiga mehnatga haq to‘lashni eng kam miqdorining yetti baravariga teng miqdorda har oylik qo‘shimcha ustama; falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olgan mutaxassislarga davlat tibbiyot muassasalarida lavozim maoshiga mehnatga haq to‘lashni eng kam miqdorining o‘n besh baravariga teng miqdorda har oylik qo‘shimcha ustama to‘lanadigan bo‘ldi.