“The Times” nashri FIFA va Infantinodan uzr so‘radi
Sport
−
19:40 342 2 daqiqa
Buyuk Britaniyaning “The Times” gazetasi joriy yilning 13 oktyabr kuni FIFA prezidenti Janni Infantinoning “ikkinchi maoshi” haqida chop etilgan maqolasi uchun tashkilotdan uzr so‘radi va undagi ma’lumotlarni rad etdi. Bu haqda gazeta bayonotidan iqtibos keltirib, FIFA matbuot xizmati xabar berdi.
Soliq deklaratsiyasiga asoslangan maqolada Infantino 2024 yilda FIFA’dan tashqari, 2026 yilgi Jahon chempionatini tashkil etish uchun mas’ul bo‘lgan tashkilotidan ham 1,76 million dollar miqdorida qo‘shimcha haq olgani aytilgan edi. Biroq “The Times” o‘z bayonotida bu ma’lumot noto‘g‘ri ekanini tan oldi.
“Bu noto‘g‘ri. Ikkinchi maosh bo‘lmagan. Shveysariyadagi hisobot talablariga ko‘ra, FIFA qoidalari Infantinoning yillik hisobotida olgan xarajat qoplamalari va kompensatsiyalarini ko‘rsatishni talab qilmaydi, chunki ular ushbu talablar bo‘yicha kompensatsiya hisoblanmaydi”, deyiladi gazeta bayonotida.
Nashr, shuningdek, Infantino Mayamidagi ko‘chmas mulkni avval xabar qilinganidek, qiymatidan ancha arzon narxda sotib olmaganini tan oldi. Gazeta Infantino hamda uning oila a’zolari “Shadi LLC” kompaniyasining qonuniy yoki haqiqiy egalari emasligi, shuningdek, kompaniyani nazorat qilmasligini ham qayd etdi.
“Biz janob Infantino va FIFA’dan yo‘l qo‘yilgan xatolar uchun uzr so‘raymiz”, deyiladi bayonotda.
“Ikkinchi maosh” haqida xabar bergan yagona nashr “The Times” emas edi. ESPN ham AQSHdagi notijorat tashkilotlar har yili taqdim etishi shart bo‘lgan IRS 990 soliq hisobotiga tayanib, Infantino 2024 yilda FWC2026 tashkilotidan 1,72 million dollar olgani haqida maqola e’lon qilgan.
FIFA avgust oyida federatsiya va uning prezidenti obro‘siga putur yetkazishga qaratilgan “muvofiqlashtirilgan va davom etayotgan urinishlar” haqida xabar berganini eslatdi.
“FIFA ommaviy axborot vositalarini mas’uliyat bilan ish tutishga, noto‘g‘ri va tuhmatomuz ma’lumotlar e’lon qilinishi hamda tarqatilishining oldini olish uchun barcha manbalarni sinchkovlik bilan tekshirishga chaqiradi. Agar xabarlar noto‘g‘ri, chalg‘ituvchi yoki mutlaqo yolg‘on bo‘lsa, FIFA ularga qat’iy munosabat bildirishda davom etadi”, deyiladi tashkilot bayonotida.
Infantino 2026 yil yozida ham turli tanqidlar va korrupsiyaga oid ayblovlar markazida bo‘ldi. Jumladan, bir nechta Yevropa futbol federatsiyalari FIFA prezidenti saylovida uni qo‘llab-quvvatlamasliklarini bildirgan. Bu holatga 2026 yilgi Jahon chempionati pley-off bosqichiga oid qarorlar hamda FIFA’ning musobaqaga bo‘lgan ayrim tijorat huquqlarini tashqi investorlarga sotish rejalari atrofidagi bahslar sabab bo‘lgani aytilgan. Tanqidlardan so‘ng tashkilot ushbu rejadan voz kechishga majbur bo‘lgan.
Live
Barchasi