“The Diplomat” O‘zbekistonning xavfli tibbiyoti haqida maqola e’lon qildi
Tahlil
−
13 yanvar 2023
13982Amerikaning “The Diplomat” nashri “Markaziy Osiyoning xavfli farmatsevtika sanoati” nomli maqolani chop etdi. Unda O‘zbekistonda bolalarning o‘limiga sabab bo‘lgan “Dok-1 Maks” dori vositasi, Markaziy Osiyoda dorilarni sotish tartibi, mintaqadagi farmatsevtika sohasida malakasiz kadrlar va eskirgan uskunalardan foydalanilayotgani tahlil qilingan.
Maqolada eng avval O‘zbekistonning Samarqand shahrida Hindistonda ishlab chiqarilgan “Dok-1 Maks” dori vositasi tufayli 18 nafar (ayni paytda ularning soni 20 nafarga yetgan) bola halok bo‘lganiga urg‘u qaratilgan. Bolalarning ko‘pchiligi buyrak yetishmovchiligi tashxisi bilan vafot etganiga ahamiyat berilgan.
Ta’kidlanishicha, 2022 yil oktyabr oyida G‘arbiy Afrikada ham “Dok-1 Maks” dorisidan o‘lim qayd etilgan. Shu munosabat bilan o‘sha oyda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ushbu dori bo‘yicha rasmiy ogohlantirish e’lon qilgan. Ammo shunga qaramay, “Dok-1 Maks” va boshqa yo‘talga qarshi Hindiston dorilari O‘zbekistonda 22 dekabrgacha iste’molda bo‘lgan.
E’tiborlisi, bunday holatlar O‘zbekistonda tez-tez sodir bo‘lishi alohida urg‘ulangan. Masalan, 2021 yilda Toshkent viloyati Angren shahrida bir qiz “Seftriakson” antibiotigidan vafot etgan. Dori shifokor nazorati ostida qo‘llanilishi kerak bo‘lsada, qiz uni tibbiy ma’lumotga ega bo‘lmagan qarindoshidan olgan. 2021 yilda respublikada uch kishi antibiotiklarni noto‘g‘ri qabul qilish bilan olamdan o‘tgan.
“Dok-1 Maks” va “Seftriakson” kabi dori vositalari bilan bog‘liq vaziyat Markaziy Osiyo bo‘ylab farmatsevtika sohasidagi xavotirli tendensiyalarni aks ettiradi”, deyiladi nashrda.
Bunday hodisalarning sababi nimada? “The Diplomat” nashriga ko‘ra, Markaziy Osiyo sog‘liqni saqlash sohasi haligacha sarmoya yetishmasligi, malakasiz kadrlar va eskirgan uskunalardan aziyat chekmoqda. Mintaqadagi farmatsevtika sanoati davlat va xususiy dorixonalardan iborat bo‘lib, ular ko‘pincha nazoratsiz ishlaydi. O‘zbekistonda 901 dan ortiq turli dori vositalarini retseptsiz xarid qilish mumkin. Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonda antibiotiklarni retseptsiz olish va ulardan haddan ortiq foydalanish mikroblarga qarshi preparatlarga nisbatan chidamlilikning kuchayishiga olib keldi.
Nashrga ko‘ra, 2019 yilda Turkmaniston xususiy dorixonalarida antibiotiklar sotishni taqiqlagan, biroq mamlakatdan ma’lumot olish imkoniyati cheklangani sababli bu siyosatning qanchalik samara berganini aniqlash qiyin.
“Shuningdek, O‘zbekistonda retseptsiz sotiladigan dori vositalaridan foydalanish imkoni shu qadar keng tarqalganki, bu haqda mashhur turistik yo‘riqnomalarda aniq qayd etilgan”, deyiladi maqolada.
Qayd etish kerakki, dori-darmonlarni shifokor ko‘rsatmasisiz olishning qulayligi nafaqat mikroblarga qarshi preparatlarga nisbatan chidamlilikni keltirib chiqaradi va odamlar salomatligiga xavf tug‘diradi, balki giyohvand moddalarni noqonuniy iste’mol qilishga ham yo‘l ochib beradi.
Maqolada urg‘ulanganidek, Markaziy Osiyoning barcha davlatlarida giyohvand moddalar iste’moli va savdosiga nisbatan qat’iy qonunlar mavjud bo‘lib, ularda iste’molchilar va sotuvchilar uchun bir necha yillik qamoq jazosi belgilangan. Hududda yillar davomida marixuana va afyun kabi giyohvand moddalarni topish qiyinlashgani sari tarkibida narkotik muqobili bo‘lgan dori vositalariga nisbatan talab kuchayib bordi. Tadbirkorlar esa bundan mo‘maygina daromad olishga ham o‘tib olgan.
“The Diplomat”ning yozishicha, bu qaramlik butun Markaziy Osiyoda kuchaygan, hatto tarkibida narkotik mavjud bo‘lgan dori-darmonlar ham retseptsiz sotiladi. Xususiy dorixonalar ko‘pincha mijozlarga mavjud bo‘lgan har qanday dori-darmonlarni sotib olishga imkon beradi.
Masalan, Qozog‘istonda 2019 yildan buyon 200 ga yaqin dorixona retseptsiz yoki mamlakatda sotilishiga ruxsat etilmagan dori vositalarini sotgani uchun jazolangan. Turkmaniston va O‘zbekistonda vaziyat yanada keskinroq, turkman ommaviy axborot vositalarida talabalar o‘rtasida “Tramadol” (psixotrop dori vositasi)dan foydalanishdan ogohlantiruvchi maqolalar tez-tez paydo bo‘lmoqda. O‘zbekistonda ham vaziyat xuddi shunday, ayniqsa, o‘quvchilar orasida “Tramadol” iste’moli kuchaygan.
Markaziy Osiyo farmatsevtika sanoatidagi yana bir xavfli tendensiya kontrafakt va yaroqlilik muddati o‘tgan dori vositalarining keng tarqalganidir. Ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istonning o‘zida barcha dori vositalarining 10-12 foizi qalbaki hisoblanadi.
LiveBarchasi