Vaziyat jiddiy! Istanbulda zilzila xavfi ortib bormoqda

Olam

image

Avvalroq, bugun, 26 sentyabr kuni Turkiyaning Istanbul shahrida 5,8 balli kuchli zilzila qayd etilgani haqida xabar bergan edik. Zilzila oqibatida ayrim binolar, xususan Avjilar mavzesida joylashgan masjidning minorasi qulab tushdi. Jarohatlanganlar va qurbon bo‘lganlar yo‘q. Zudlik bilan shifoxona va maktablar evakuatsiya qilindi. 

Turkiya favqulodda vaziyatlar boshqarmasi – AFAD Istanbulda yana zilzila xavfi borligini ma’lum qilmoqda. Aholiga quyidagicha ogohlantirish berildi.

“Uyingiz, maktabingiz, shifoxona, ish joyingizni zilzilaga tayyor holatga keltiring”. 

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an AQSHdan mamlakatga qaytarkan, samolyotda zilzila yuz berganidan xabar topdi. U samolyotdan tushiboq “Otaturk” aeroportida brifing o‘tkazdi. 

“Zilziladan so‘ng ayrim binolarda kichik shikastlarni ko‘rdik. Shukrki, ushbu jiddiy zilzila bilan bog‘liq yuragimizga og‘riq beradigan hech qanday qayg‘uli xabar olmadik.

Bu voqealar hech kimni sarosimaga tushirmasin. Faqulodda vaziyatlarga hozirmiz. 

Ijtimoiy tarmoqlarni kuzata turib, bir ayolning “ko‘priklardan foydalanmang, ular mustahkam emas, ko‘priklar zilzilada zarar ko‘rdi”, deb yozibdi. Bu yolg‘on va fursatdan foydalanib qolish uchun mish-mish”.

Ayni vaqtda Favqulodda vaziyatlar xodimlari uyma-uy yurib, favqulodda holatlarda gaz, suv va elektrni o‘chirishni unutmasliklarini so‘ramoqda. Telekanallar zilzila vaqtida nimalar qilish kerak bilan bog‘liq eslatmalarni efirga uzatmoqda. OAV kun tartibida zilzila masalasi turibdi. 

Ma’lumki, zilzilada Avjilar mavzesidagi binolar ko‘proq zarar ko‘rdi. Hududda aholi yashash joylari ko‘p. Biroq, bu kecha odamlar ko‘chalarda, binolardan xoli hududlardagi bog‘chalarda  tunashni ma’qul ko‘rmoqda. AFAD esa favqulodda holaatlarda odamlar to‘planishi mumkin bo‘lgan 10 mingga yaqin hududlar haqida ma’lumotlarni tarqatmoqda. 

Istanbuldagi maktablar yopilishi bilan ehtimollar bir necha daqiqa avval inkor etildi. Ertaga, 27 sentyabr kuni maktablar faoliyatini davom ettiradi. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Istanbul Zilzila

Baholaganlar

404

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing