Suv balosi: Istanbuldagi selda halok bo‘lganlar soni 3 nafarga yetdi

Olam

−

image

Turkiyaning Istanbul shahrida kuchli yog‘ingarchilik oqibatida yuzaga kelgan selda halok bo‘lgan yana bir kishining jasadi topildi. Bu haqda “Cumhuriyet” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, kecha, 15 oktyabr kuni Sadabat bog‘i hududida soy bo‘yidagi ko‘prik tayanchiga ilinib qolgan jasadni ko‘rgan fuqarolar bu haqda tegishli xizmatlarga xabar bergan. Shundan so‘ng voqea joyiga tegishli guruhlar yuborilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yoshi 40 lar atrofida bo‘lgan erkakning jasadi topilgan. Politsiya holat yuzasidan surishtiruv ishlarini boshlagan. Erkak Sariyer tumanidagi Ayazag‘a hududida sel oqimiga tushib, suv oqimi bilan oqizib ketilgani aytilmoqda.

Shuningdek, Istanbul gubernatorligi bayonotida Qog‘itxona tumanidagi Sadabat bog‘i yaqinidan erkak kishining jasadi topilgani, hozirda uning shaxsini aniqlash ishlari olib borilayotgani aytilgan.

“Yog‘ingarchilik oqibatida halok bo‘lganlar soni 3 nafarga yetdi. Ayni paytda bedarak yo‘qolganlar soni 4 nafarni tashkil etmoqda”, deyiladi gubernatorlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Turkiyaning Istanbul shahrida kuchli yomg‘ir va bo‘ron oqibatida keng ko‘lamli suv toshqinlari yuz bergani haqida xabar berilgan edi. Tabiiy hodisa oqibatida ikki kishi halok bo‘lib, ko‘chalar, yerosti yo‘llari va tunnellarni suv bosgandi, yuzlab uylar va ish joylariga zarar yetgan. Shuningdek, shaharda kecha, 15 oktyabr kuni barcha davlat va xususiy ta’lim muassasalarida darslar bekor qilingandi.

Shuningdek, Turkiyaning Istanbul, Yalova va Koҗaeli viloyatlarida kuchli yomg‘ir va shamol kutilayotgani sabab u yerda yashayotgan yoki vaqtincha bo‘lib turgan o‘zbekistonliklar ogohlantirilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing