“Tez yordam”ning “bez yordam”ga aylanishiga odamlarning o‘zi sababchimi?

Salomatlik

image

Bugungi kunda “tez yordam”ga tushayotgan murojaatlarning o‘ttiz foizdan ko‘prog‘ini ana shunday asossiz chaqiriqlar tashkil etmoqda. Bularning aksariyati surunkali kasalligi bor bemorlardir. Birgina poytaxt Toshkentdagi “tez yordam” xizmatiga ularning ba’zilari yiliga 500 martadan, hatto, 1000 martagacha murojaat qiladi. Bu haqda Shoshilinch va tez tibbiy yordam masalalari bo‘yicha mahalliy koordinator Obidjon Dilmurodov ma’lum qilmoqda. 

Bugungi kunda har o‘n uch ming nafar aholiga bitta “tez yordam” mashinasi to‘g‘ri keladi. Bu xalqaro standartlarga to‘la mosdir. Qolaversa, “tez yordam”nidori-darmon va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash so‘nggi uch yil ichida 5,2 barobarga ko‘paydi, chaqiriqlarni qabul qilish, uzatish va ularni muntazam nazorat qilish markazi (Sall-markaz) faoliyati takomillashtirildi.

Biroq, ayrim shaxslarning surunkali kasalliklar uchun ham “tez yordam”ni bezovta qilishi oqibatida haqiqatan ham tez yordamga ehtiyoji bo‘lgan kishilarning xonadoniga o‘z vaqtida yetib borishning imkoni bo‘lmayapti. 

— Shuni alohida ta’kidlash joizki, surunkali kasalliklarni davolash “tez yordam” shifokorlarining vazifasi emas. “Tez yordam” shifokori kasallikning hayot uchun xavf solishi mumkin bo‘lgan belgilarini bartaraf etadi, xolos. Bu bemorga vaqtincha yengillik beradi. Bemor darddan to‘la xalos bo‘lishi uchun umumiy amaliyot shifokori nazoratida turib yoki shifoxonada yotib davolanishi kerak, – deydi Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokor o‘rinbosari Ilhom Aslonov. 

— Surunkali kasalliklarda shifokor tavsiyasi asosida muolajalar uzluksiz tarzda olib borilsa, bemor, albatta, shifo topadi, “tez yordam”ga qayta-qayta murojaat qilishga ehtiyoj qolmaydi. Ammo, ko‘pchilik shifokorlarning bunday tavsiyalariga rioya etish o‘rniga arzimagan holatlar uchun ham “tez yordam”ni chaqirishga odatlanib qolishgan. Holbuki, “tez yordam”ning har bir chaqiriq joyiga borishi davlatga kattagina xarajatga tushadi. 

Eng achinarlisi, ana shunday asossiz chaqiriqlar tufayli  “tez yordam” xizmatida tig‘izlik yuzaga keladi. Natijada shoshilinch tibbiy yordamga haqiqatan muhtoj bo‘lgan bemorlarga o‘z vaqtida yetib borish imkoniyati cheklanmoqda.

Shu o‘rinda shuni aytmoqchi edikki, har bir inson avvalo o‘zi, qolaversa yaqinlari sog‘lig‘iga e’tiborli bo‘lishi lozim. Buning uchun qishloq vrachlik punkti va oilaviy poliklinikalarda kasalliklarning oldini olish borasida davlatimiz tomonidan yaratib berilgan zamonaviy tibbiy imkoniyatlardan oqilona foydalanish lozim. 

Belgilangan mudatlarda tibbiy profilaktika ko‘riklaridan o‘tib, shifokor tavsiyalariga rioya etgan insonning sog‘lig‘i mustahkam bo‘ladi. O‘zini ham, o‘zgalarni ham ortiqcha ovora qilmaydi. Ayniqsa, el sog‘lig‘i deb kecha-yu kunduz tinim bilmaydigan “tez yordam” xodimlarining asossiz vaqtini olmaydi.  
 


Maqola muallifi

Teglar

Tez yordam

Baholaganlar

49

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing