Terrorizmni moliyalashtirib, Suriyaga bormoqchi bo‘lgan shaxs 10 yilga qamaldi (video)
3-sahifa
−
09:03 1068 2 daqiqa
Suriyadagi terroristik tashkilotlarning targ‘ibotlariga aldangan hamda ularga qo‘shilish maqsadida Suriyaga bormoqchi bo‘lgan va ularni moliyalashtirgan 31 yoshli o‘zbekistonlik shaxsga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Jumladan, 1995 yil Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan fuqaro 2017 yilda Janubiy Koreya Respublikasining nufuzli universitetiga o‘qishga kirgan. Xorijda tahsil olish davrida u ijtimoiy tarmoqlar orqali “jihod”, “hijrat” va “shahidlik”ni targ‘ib qiluvchi shaxslarning audio-video ma’ruzalari bilan tanishgan. Suriyadagi qurolli to‘qnashuvlar aks etgan videolar ta’sirida uning ongi aqidaparastlik g‘oyalari bilan zaharlangan.
Shu tariqa u Instagram va Telegram tarmoqlari orqali Suriya hududida faoliyat yuritayotgan “Tavhid va jihod katibasi” hamda “G‘uroba katibasi” kabi terroristik tashkilotlarga aloqador kimsalar bilan muloqotga kirishib, ularga taalluqli materiallarni tarqata boshlagan.
Universitetni tamomlaganidan keyin ham Janubiy Koreyada qolgan mazkur shaxs “G‘uroba katibasi” terroristik tashkiloti media blogeri “Saad Muxtor”ning internet orqali amalga oshirgan aldovlariga ishonib, unga pul yuborgan.
2023 yilning dekabr oyida esa u O‘zbekistonga qaytgan. 2024 yilning iyul oyida Suriyadagi jangarilar safiga qo‘shilish maqsadida Turkiyaga borgan, ammo rejasi amalga oshmay ortga qaytgan.
Shundan so‘ng, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida mazkur shaxs qo‘lga olinib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.
Bildirilishicha, sud hukmi bilan mazkur shaxs Jinoyat kodeksining 244-1-(Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish), 244-2-(Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish), 155-2-(Terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida o‘quvdan o‘tish, chiqish yoki harakatlanish) va 155-3-(Terrorizmni moliyalashtirish) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida yashovchi to‘rt nafar shaxs Rossiyada yashirin guruh tarkibida terroristik tashkilotlar g‘oyalarini targ‘ib qilish, taqiqlangan materiallarni tarqatish hamda terrorchilik faoliyatiga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq jinoyatlarda aybdor deb topilib, har biri 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingandi.
Live
Barchasi