Terrorizm indeksi e’lon qilindi. O‘zbekiston nechanchi o‘rinda?

Bu qiziq

image

Markaziy Osiyo davlatlari dunyoda terrorizmdan eng kam zarar ko‘rgan mamlakatlar qatoriga kirdi. Shunga qaramay, hisobotda mintaqa barqarorligiga tashqi omillar, ayniqsa, Afg‘onistonga yaqinlik tobora ko‘proq ta’sir qilayotgani qayd etilgan. Bu haqda “Global terrorizm indeksi 2026” hisobotida so‘z boradi.

Mamlakatlarning ko‘rsatkichlari to‘rtta indikator: hujumlar soni, o‘lim holatlari, jarohatlanganlar va garovga olinganlar asosida shakllantiriladi. Terrorizm ta’sirini o‘lchash uchun besh yillik o‘rtacha ko‘rsatkich qo‘llaniladi. Terrorchilik faoliyatining asosiy o‘choqlari hamon Afrika va Janubiy Osiyo bo‘lib qolmoqda. 2025 yilda dunyo bo‘ylab terrorizmning umumiy darajasi pasaygan bo‘lsa-da, tahdidlarning xarakteri murakkabroq va prognoz qilish qiyinroq bo‘lib qoldi.

Hisobotga ko‘ra, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmanistonda birorta ham terrorchilik hodisasi qayd etilmagan. Ushbu davlatlar 0 ball bilan tadqiqot o‘tkazilgan 163 ta davlat ichida oxirgi (163-o‘rinni) bo‘lishib turibdi. O‘zbekiston (95-o‘rin) minimal xavf toifasida qolmoqda. Mintaqada faqat Tojikiston nisbatan yuqoriroq xavf darajasiga ega bo‘lib, global reytingning 41-pog‘onasidan joy olgan.

Markaziy Osiyodagi nisbiy barqarorlik bir qancha omillar, jumladan, qat’iy xavfsizlik choralari, faol qurolli mojarolarning yo‘qligi va xalqaro terrorchilik tashkilotlarining cheklangan ishtiroki bilan izohlanadi.

Ichki barqarorlikka qaramay, mintaqa uchun xavflar tobora tashqaridan kirib kelmoqda. Hisobotda Afg‘oniston va Pokistonda ekstremistik guruhlar faoliyati kuchaygani, shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashgani va bu 2026 yilga kelib ochiq mojaroga aylanishi mumkinligi aytiladi. Ayniqsa, zaif nuqtalar saqlanib qolayotgan Tojikiston-Afg‘oniston chegarasi alohida xavotir uyg‘otmoqda.

Tashqi bosimlardan tashqari, ekspertlar ichki dinamikaga ham e’tibor qaratmoqda. Hisobotda yoshlar o‘rtasida radikallashuv jarayoni tezlashayotgani, bunda raqamli platformalar va onlayn kontent muhim rol o‘ynayotgani ta’kidlangan.

Reytingda birinchi o‘rinni Pokiston egallagan, keyingi o‘rinlarda Burkina-Faso va Niger bormoqda. To‘rtinchi pog‘onadan Nigeriya, beshinchisidan esa Mali joy olgan. 

Global terrorizm indeksi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili eng ko‘p qurbonlar berilgan terrorchilik hujumlari Afrikada sodir bo‘lgan. Dastlabki uchta o‘rinni Burkina-Faso davlati egallagan. Ushbu mamlakatda terrorchilar hujumi oqibatida jami 300 dan ortiq kishi halok bo‘lgan.

To‘rtinchi o‘rinda Niger bo‘lib, Tillaberi provinsiyasida ISHID jangarilarining tinch aholiga hujumi tufayli 71 kishi qurbon bo‘lgan. Beshinchi pog‘onada Kongo Demokratik Respublikasi qayd etilgan – o‘tgan yilning kuzida jangarilarning dafn marosimiga qilgan hujumi oqibatida 71 kishi halok bo‘lgan.

2025 yilda dunyo bo‘yicha jami 2,9 mingdan ortiq terrorchilik akti qayd etilgan bo‘lib, ularning oqibatida 5,5 ming kishi vafot etgan.

Terrorchilik tahdidi saqlanib qolayotganiga qaramay, umumiy vaziyat yaxshilangan: bir yil ichida halok bo‘lganlar soni 28 foizga, hujumlar soni esa 22 foizga kamaygan. Ijobiy dinamika 81 ta davlatda kuzatilgan bo‘lsa, 19 ta davlatda vaziyat yomonlashgani qayd etilgan.

Sahroi Kabirdan janubdagi Afrika hududi terrorchilik faolligining asosiy o‘chog‘i bo‘lib qolmoqda, biroq u yerda ham barqarorlashuv belgilari ko‘zga tashlanmoqda. Mintaqaning o‘nta davlatida qurbonlar soni kamaygan, to‘rttasida esa ortgan.

Eng ko‘p o‘limga sabab bo‘luvchi terrorchilik tashkiloti sifatida ISHID qolmoqda, u 2025 yilda 15 ta davlatda faoliyat yuritgan. Bu guruh 22 ta davlatda faol bo‘lgan o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga nisbatan sezilarli darajada kamdir.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yildagi reytingda ham O‘zbekiston dunyodagi eng xavfsiz davlatlardan biri deb topilgandi va terrorchilik xavfi bo‘yicha dunyoda 90-o‘rinni egallagan edi.  


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy Osiyo Terrorizm indeksi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing